O'zbekiston va KEXIM 3,6 mlrd dollarga teng bo'lgan loyiha
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 31-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohrux Gulamov Koreya Eksport-import banki (KEXIM) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayonini muhokama qildilar.
KEXIMning O‘zbekistondagi loyiha portfeli umumiy qiymati 3,6 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 27 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Shundan 366,6 million AQSH dollari qiymatidagi 9 ta loyiha yakunlangan, 1,08 milliard AQSH dollari qiymatidagi 10 ta loyiha amalga oshirilmoqda, 2,19 milliard AQSH dollari qiymatidagi 8 ta loyiha esa ishlab chiqish bosqichida.
Tomonlar EDCF loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi hamda Koreya Respublikasi o‘rtasidagi amaldagi hukumatlararo hamkorlik mexanizmlari doirasida va belgilangan tartiblarga muvofiq olib borilishini tasdiqladilar. Xarid jarayonlari, shuningdek, konsultantlar, pudratchilar va yetkazib beruvchilarni tanlash shaffoflik, adolatlilik hamda ochiq raqobat tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha axborot almashinuvi va amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.