Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Jahon banki issiqlik taʼminoti sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan, barqaror issiqlik taʼminotining yangi dasturini amalga oshirish va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi va farovonlik vazirligi xabar berdi.
Uchrashuv vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva rahbarligida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekistonda barqaror issiqlik taʼminoti dasturini amalga oshirish uchun Global ekologik jamg‘arma (GEF) ko‘magini jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Muzokaralar davomida issiqlik taʼminoti sohasida hukumatning maqsad va ustuvor vazifalari, shuningdek, yangi dasturning mamlakatda amalga oshirilayotgan milliy islohotlarga muvofiqligi ham muhokama qilindi.
«Markazlashtirilgan issiqlik energiyasi samaradorligi» (DHEEP) loyihasini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilari uni amalga oshirish jarayoni, erishilgan asosiy natijalar, yakunlash muddatlari va keyingi bosqichda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarni ko‘rib chiqdi.
Tomonlar yangi dastur doirasida erishilgan natijalarga asoslangan moliyalashtirish mexanizmini qo‘llash, dasturning dastlabki qamrovi va uni amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha fikr almashdi.
Dasturning asosiy maqsadi aholini sifatli va uzluksiz issiqlik taʼminoti bilan taʼminlash, amaldagi infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda energetika resurslaridan yana-da samarali foydalanish hisobiga tegishli xizmatlar sifatini oshirishdan iborat.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar issiqlik taʼminoti sohasida islohotlarni izchil amalga oshirish, energiya samaradorligini oshirish va belgilangan vazifalarni samarali bajarish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.