O‘zbekiston shaxmatchilari uchun raqamli aksiya boshlandi
O‘zbekiston shaxmatchilari uchun raqamli aksiya boshlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi xalqaro idChess shaxmat platformasida «O‘zbekiston jamoasini qo‘llab-quvvatla — o‘z yurishingni amalga oshir!» nomli umummilliy raqamli aksiya boshlanganini eʼlon qildi.
Tashabbus Xalqaro shaxmat kuniga hamda 2026 yil 15–27 sentyabr kunlari ilk bor Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik munosabati bilan yo‘lga qo‘yildi.
Loyiha mamlakat aholisini milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlashga jalb etish, shuningdek, eng yirik shaxmat musobaqasiga tayyorgarlik doirasida sport, biznes, yoshlar va raqamli texnologiyalarni birlashtirishga qaratilgan.
Aksiya doirasida foydalanuvchilar hamkor kompaniyalarning mobil ilovalari orqali ommaviy onlayn turnirlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.
Tashkilotchilar bir millionta o‘ynalgan partiyani jamlashni rejalashtirmoqda. Ularning har biri Olimpiada oldidan va uning o‘tkazilishi davomida milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash ramziga aylanadi.
O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining strategik hamkori sifatida idChess platformasi ishtirok etmoqda. U loyihaning texnologik infratuzilmasini taʼminlaydi. Platforma onlayn turnirlarni tashkil etish, oflayn musobaqalarni translyatsiya qilish, hamkorlarning raqamli servislariga shaxmat mexanizmlarini integratsiya qilish, shuningdek, analitik va texnik qo‘llab-quvvatlash vazifalarini bajaradi.
O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi bosh kotibi Bobur Sattorovning taʼkidlashicha, shaxmat mamlakatning madaniy kodiga aylangan va intellektual yutuqlar ramzi hisoblanadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada jamiyatni milliy terma jamoa atrofida birlashtirish, shaxmatni ommalashtirish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda bu jarayonga biznes vakillarini jalb etish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
idChess asoschisi va Friflex bosh direktori Pyotr Chernishevning aytishicha, mazkur tashabbus mintaqadagi eng yirik ommaviy raqamli shaxmat loyihasiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Uning taʼkidlashicha, platforma shaxmat turnirlari orqali brendlar va foydalanuvchilarni birlashtirish, shuningdek, mamlakatning har bir aholisiga o‘zini milliy terma jamoaning bir qismi sifatida his qilish imkoniyatini beradi.
Tashkilotchilar loyihaga O‘zbekistonning yetakchi brendlari va kompaniyalari qo‘shilishi mumkinligini maʼlum qildi. Aksiyada ishtirok etish biznes vakillariga Jahon shaxmat olimpiadasini qo‘llab-quvvatlash va mamlakatda shaxmat sportini rivojlantirishga hissa qo‘shish imkonini beradi.