O‘zbekiston

O‘zbekiston Senati SHHT Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi kelishuvni maʼqulladi

O‘zbekiston Senati SHHT Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi kelishuvni maʼqulladi
O‘zbekiston Senati SHHT Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi kelishuvni maʼqulladi / Foto: Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar o‘rtasida Shanxay hamkorlik tashkilotining Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi Bitimni (Tyanszin, 2025 yil 1 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur Bitim bilan Shanxay hamkorlik tashkilotining doimiy faoliyat yurituvchi organi – Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi taʼsis etilmoqda. Markazning joylashgan joyi etib Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahri belgilangan.

Markaz aʼzo davlatlar vakolatli organlarining giyohvand moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishdagi hamkorligini muvofiqlashtirish, kelishilgan tezkor-profilaktik tadbirlarni rejalashtirish, transmilliy uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish hamda mintaqadagi narkotik vaziyatni monitoring va tahlil qilish vazifalarini bajaradi.

Senatorlarning taʼkidlashicha, mazkur Qonunning qabul qilinishi giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, hamkor davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda fuqarolarimiz salomatligi va mamlakatimiz xavfsizligini ishonchli taʼminlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.