Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiyada og‘ir ahvolga tushib qolgani haqida avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda maʼlumot tarqalgan Baxtiyor Mo‘minov Rossiya Federatsiyasi fuqarosi hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligining rasmiy bayonotida maʼlum qilindi.
Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi va O‘zbekistonning Rostov-na-Donu shahridagi Bosh konsulxonasi voqea joyiga borib, erkakning shaxsini aniqladi.
Tekshiruv davomida Baxtiyor Mo‘minov 1990-yillarda oilasi bilan birga Rossiyaga ko‘chib o‘tgani, keyinchalik esa ushbu mamlakat fuqaroligini olgani aniqlangan.
Tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tarqalgan videoda aks etgan erkak Rossiya fuqarosi ekanini tasdiqladi.
Baxtiyor Mo‘minovning yaqin qarindoshlari ham Rossiya Federatsiyasi fuqarolari hisoblanadi.
Migratsiya agentligi o‘z vakolatlari doirasida xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga amaliy yordam ko‘rsatishini taʼkidladi.
Bunday holatlarda fuqarolar O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga murojaat qilishlari mumkin.
Yordam olish uchun 1282 qisqa raqami va 24 soat ishlaydigan @huquqiyyordamuzbot Telegram-boti ham mavjud.