Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 25 sentyabr kuni Bokuda II Ozarbayjon xalqaro investitsiya forumida ishtirok etdi. Forum Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev homiyligida o‘tkazilmoqda.
Tadbirda hukumatlar, xalqaro moliya institutlari, investitsiya va ishbilarmon doiralarning 3 mingdan ortiq vakili ro‘yxatdan o‘tgan. Ishtirokchilar qo‘shma loyihalar va mintaqalar o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.
«Global o‘sishning kelajagi: investitsiyalar va transport o‘zaro bog‘liqligi» mavzusidagi panel muhokamasida so‘zga chiqqan Laziz Qudratov sanoat kooperatsiyasi, o‘zaro investitsiyalar, transport infratuzilmasini rivojlantirish, yashil energetika, kapital bozori, raqamli iqtisodiyot va inson kapitali kabi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Vazir O‘rta yo‘lak masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro logistikadagi o‘zgarishlar O‘zbekiston tovarlarini Yevropaga yetkazib berish muddatlarining uzayishiga olib keldi, bu esa muqobil transport yo‘nalishlarining ahamiyatini oshirmoqda.
So‘nggi ikki-uch yilda Ozarbayjon orqali yuk tashish hajmi ikki barobarga oshdi, joriy yilda esa o‘sish qariyb 30 foizni tashkil etmoqda. O‘zbekiston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi orqali tashuvlar hajmini oshirish va yangi transport aloqalarini rivojlantirish ustida ishlamoqda.
Sanoat kooperatsiyasi sohasida O‘zbekiston Ozarbayjonning to‘qimachilik va avtomobil sanoati loyihalarida ishtirok etmoqda. Ozarbayjonning O‘zbekistonga investitsiyalari tog‘-kon sanoati, energetika, oziq-ovqat ishlab chiqarish va boshqa sohalarga yo‘naltirilmoqda.
Forumda quyosh va shamol energetikasi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish salohiyati ham muhokama qilindi. Xususan, Markaziy Osiyodan Yevropaga ekologik toza elektr energiyasini yetkazib berish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlarini taqdim etar ekan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri kapital bozorining rivojlanishi hamda Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining London va Toshkent birjalaridan joylashtirilishi haqida maʼlumot berdi. Ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida raqamli iqtisodiyot qayd etildi. O‘zbekiston 2030 yilga qadar IT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Laziz Qudratov Ozarbayjon ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ikki tomonlama hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari haqida ham so‘zlab berdi. Qo‘shma ishlab chiqarishlarni rivojlantirish yaqin bir necha yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish vositalaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohalari qayd etildi. Tomonlar, shuningdek, Kaspiy dengizi orqali yuk tashish uchun qo‘shma korxona tashkil etish ustida ishlamoqda.
Bundan tashqari, neftni qayta ishlash sohasida o‘zaro investitsiyalar kiritish shartlari hamda SOCAR kompaniyasining O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqilmoqda.