O‘zbekiston

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi
Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash huzurida Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasida alohida ochilgan hisobraqamlarda jamlanadi va Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilangan tartibda sarflanadi.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltiriladi, jumladan:

muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish;

tahliliy materiallarni tayyorlash va tadqiqotlarni o‘tkazish uchun grantlar ajratish;

ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish.

Jamg‘arma mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazorat Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan amalga oshiriladi.

Muvofiqlashtiruvchi kengashga quyidagilarga ruxsat beriladi:

Jamg‘arma mablag‘larini milliy va xorijiy valyutalarda bank depozitlariga joylashtirish;

grantlar va beg‘araz texnik ko‘mak vositalarini jalb qilish;

jismoniy va yuridik shaxslarga to‘lov asosida tadqiqotlar natijalari va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish hamda tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlarini berish.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.