Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalari haqida maʼlum qildi.
Bu haqda u BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan demografik barqarorlik masalalariga bag‘ishlangan tadbirda maʼlum qildi.
Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, yosh aholi O‘zbekistonning asosiy kapitali hisoblanadi. Uning fikricha, kelgusi demografik dividend salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun hozirdanoq aholining salomatligi, taʼlimi va xavfsizligiga, ayniqsa, bolalar va ayollarga alohida eʼtibor qaratgan holda investitsiya kiritish zarur.
U demografik siyosatga uzoq muddatli va manzilli yondashuv zarurligini taʼkidladi.
Shu maqsadda O‘zbekiston demografik prognozlash bilan shug‘ullanishi va «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqishi rejalashtirilmoqda.
«Mamlakat kelajagini nafaqat insonlar soni, balki eng avvalo ular qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishi belgilaydi», — deya taʼkidladi Saida Mirziyoyeva.