Turizm

O‘zbekistonda 10 ta obyektda speleoturizm rivojlantiriladi

O‘zbekistonda 10 ta obyektda speleoturizm rivojlantiriladi
O‘zbekistonda 10 ta obyektda speleoturizm rivojlantiriladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi speleoturizmni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» hamda yuqori salohiyatga ega 10 ta obyektdan iborat ro‘yxatni tasdiqladi. Ularning to‘qqiztasi g‘or, bittasi esa tuz koni hisoblanadi. Bu haqda Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi xabar berdi.

Obyektlar Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan. Turistik infratuzilmani yaratish va sayyohlar oqimini oshirish ishlari 2026–2028 yillarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Hujjat Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va sohani jadal rivojlantirishga qaratilgan 2025 yil 21 noyabrdagi PQ-348-son Prezident qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilindi.

Hukumat Turizm qo‘mitasi, Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi hamda to‘rtta viloyat hokimliklarining eng yuqori salohiyatga ega hududlarda tajriba tariqasida speleoturizmni tashkil etish bo‘yicha taklifini maʼqulladi.

Ro‘yxatga qaysi obyektlar kiritildi

Jizzax viloyatida ro‘yxatga Zomin tumanidagi Peshagor g‘ori kiritildi. U Turkiston tizmasining shimoli-g‘arbiy tarmog‘idagi Morguzar tog‘larida joylashgan.

Eng ko‘p obyekt Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Urgut tumanida tuman markazidan 7 kilometr uzoqlikdagi Chorchinor mahallasida joylashgan Yaxdon g‘ori, tumanning janubi-sharqiy qismidagi Zarafshon tizmasida joylashgan Amanduton g‘ori hamda Kamang‘aron qishlog‘i yaqinidagi Qirqtog‘ massivida joylashgan Kiyev g‘ori ro‘yxatga kiritildi. Nurobod tumanida esa tuman markazidan 30 kilometr janubi-sharqdagi Oqsoy qishlog‘i yaqinida joylashgan Hazrati Dovud g‘ori ro‘yxatdan o‘rin oldi.

Surxondaryo viloyatida Boysun tumanidagi Hisor tizmasida, Darband qishlog‘i atrofida joylashgan uchta g‘or — Qorong‘u yulduz, Boybuloq va Teshiktosh, shuningdek, Sherobod tumanidagi Xo‘jaikon tuz koni tanlab olindi. Qashqadaryo viloyatida esa Yakkabog‘ tumanidagi Amir Temur g‘ori ro‘yxatga kiritildi. U Hisor tizmasining tog‘oldi hududida, Hisor davlat qo‘riqxonasi hududida joylashgan. Turizm qo‘mitasi ushbu ro‘yxatga o‘zgartishlar kiritish huquqiga ega.

Reyestr, raqamli pasportlar va marshrutlar

«Yo‘l xaritasi»ga muvofiq, 2026 yil oxiriga qadar obyektlar inventarizatsiyadan o‘tkaziladi. 2027 yil mart oyiga qadar Milliy turizm platformasi bilan integratsiya qilingan yagona elektron reyestr shakllantiriladi. Har bir obyekt uchun geografik koordinatalar, turistik salohiyati, texnik holati va huquqiy maqomi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan elektron pasport tuziladi.

2027 yilda obyektlarni foto va videoga olish, iyun oyiga qadar ularning 3D modellari va virtual turlarini ishlab chiqish, avgust oyiga qadar esa QR-kodlar orqali axborot berish tizimini joriy etish rejalashtirilgan. 2027 yil oxiriga qadar ustuvor obyektlar uchun boshqaruv rejalari ishlab chiqiladi va joriy etiladi.

Speleoturistik marshrutlar 2027 yil aprel oyida tasdiqlanishi, navigatsiya va ko‘rsatkich belgilari iyul oyiga qadar o‘rnatilishi, elektron xaritalar esa sentyabr oyiga qadar Milliy turizm platformasiga integratsiya qilinishi kerak. Onlayn bron qilish, elektron gid va QR-kod orqali axborot berish tizimlarini 2027 yil iyul oyiga qadar joriy etish rejalashtirilgan.

Infratuzilma va mehmon uylari

To‘rtta viloyat hokimliklariga 2027–2028 yillarda obyektlarda muhandislik-kommunikatsiya va turistik infratuzilmani, jumladan, avtomobil turargohlari, dam olish joylari hamda sanitariya-gigiyena punktlarini tashkil etish topshirildi. Bu ishlar ekologik va sanitariya talablariga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Ularni 2029 yil yanvar oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Hokimliklar Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda mahalliy aholiga oilaviy mehmon uylarini ochishda ko‘maklashadi, shuningdek, mahalliy gidlar xizmatlarini rivojlantiradi.

Turistik infratuzilma uchun yer uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda ijaraga yoki doimiy foydalanishga ajratiladi. Madaniy meros obyektlariga kiritilgan hududlarda qurilish, rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari faqat Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi obyektlarda bunday ishlar Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi bilan majburiy tarzda kelishiladi va faqat tegishli ruxsatnomalar olinganidan so‘ng amalga oshiriladi.

Turistlar xavfsizligi va ekologiya

Favqulodda vaziyatlar vazirligi uch oy muddatda Turizm qo‘mitasi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida nazorat inspeksiyasi bilan birgalikda obyektlarga tashrif buyuruvchi turistlar xavfsizligini taʼminlash qoidalari loyihasini ishlab chiqishi kerak.

2027 yildan boshlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi obyektlarda yiliga ikki marta o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. 2027 yil mart oyiga qadar obyektlarga ogohlantiruvchi belgilar, evakuatsiya sxemalari va axborot stendlari o‘rnatiladi.

Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasiga speleoturizm rivojlantiriladigan hududlarda davlat ekologik nazoratini amalga oshirish tavsiya etildi. 2027 yilda obyektlarning ekologik holati va antropogen yuklamasini baholash mezonlari ishlab chiqiladi hamda ularning ekologik monitoringi tashkil etiladi.

Soha uchun mutaxassislar va gidlar tayyorlanadi. O‘quv dasturlari 2027 yil fevral oyida, gidlar va instruktorlar uchun kurslar aprel oyida, malaka va sertifikatlash tizimi esa iyun oyida ishlab chiqilishi kerak.

Ilm-fan va targ‘ib

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2027 yil may–iyun oylarida speleoturizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazadi. Unda Xalqaro speleologlar ittifoqi, mintaqaviy ittifoqlar va assotsiatsiyalar ekspertlari, yetakchi olimlar va tadqiqotchilar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Gruziya, Rossiya, Xitoy va Vyetnamda ekskursion g‘orlarni boshqaruvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etadi. 2027 yildan boshlab vazirlik speleologiya, geologiya, gidrologiya va biospeleologiya sohalaridagi tadqiqotlar uchun har yili xalqaro grantlarni jalb qiladi.

Turizm qo‘mitasi 2026 yil oxiriga qadar obyektlar haqida media mahsulotlar tayyorlab, ularni Milliy turizm platformasiga joylashtirishi kerak. 2027 yildan boshlab qo‘mita har yili xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etadi. Milliy teleradiokompaniya va Kinematografiya agentligi bilan birgalikda qo‘mita O‘zbekistondagi speleoturizm haqida xorijiy telekanallar uchun hujjatli filmlar yaratadi. Ular Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, homiylik mablag‘lari va tadbirkorlar mablag‘lari hisobidan tayyorlanadi.

Investitsiyalar va moliyalashtirish

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2026–2027 yillarda xususiy sektor va investitsiyalarni obyektlarni rivojlantirishga jalb qilish bilan shug‘ullanadi. 2027 yildan boshlab esa xorijiy va mahalliy investorlar ishtirokida har yili investitsiya forumlari, taqdimotlar va ishbilarmonlik uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027 yildan boshlab tanlab olingan obyektlardagi loyihalarni ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritib boradi. Ularni xalqaro grantlar, xususiy investitsiyalar, davlat byudjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish mumkin.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.