Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 14–15 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi “Xo‘jaipok” sanatoriysi hududida «O‘zbekiston enoturizmi va milliy taomlari» festivali bo‘lib o‘tadi.
Tadbir ishtirokchilari mintaqa uzumchiligi va vinochilik anʼanalari, milliy gastronomik meros, mahalliy mahsulotlar hamda hunarmandchilik bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Festivalda Surxondaryo viloyatining turistik salohiyatiga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
Festival dasturidan gastronomik ko‘rgazma va degustatsiyalar, enoturizmni rivojlantirish bo‘yicha taqdimotlar, milliy madaniy va ijodiy dastur o‘rin oladi. Shuningdek, turizm sohasi vakillari, tadbirkorlar hamda hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tashkilotchilar festivaldan mahalliy gastronomik mahsulotlar va turistik xizmatlarni targ‘ib qilish, hududning enoturizm sohasidagi imkoniyatlarini ommalashtirish hamda yangi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda foydalanishni rejalashtirmoqda.
Tadbir doirasida blogerlar, kontent yaratuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus media tadbirlar tashkil etiladi.
Ular Surxondaryo viloyatining turistik imkoniyatlarini yoritishga bag‘ishlanadi.
Festival, shuningdek, mahalliy mahsulotlar va xizmatlarni keng auditoriyaga taqdim etish, hududning gastronomik merosi, uzumchilik anʼanalari va turistik yo‘nalishlarini targ‘ib qilish uchun maydonga aylanadi.