7
Sport

O‘zbekiston va WAKO kikboksingni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va WAKO kikboksingni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
O‘zbekiston va WAKO kikboksingni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Sport vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikramov Toshkentga kikboksing bo‘yicha Uzbekistan Kickboxing World Cup 2026 Jahon kubogida ishtirok etish uchun kelgan Jahon kikboksing tashkilotlari assotsiatsiyasi (WAKO) prezidenti Roy Beyker bilan uchrashdi.

Tomonlar mamlakatda kikboksingni rivojlantirish istiqbollari, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va sportchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalarini muhokama qildi.

Musobaqa 13–18 oktyabr kunlari Toshkentda WAKO homiyligida, O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi tashkilotchiligida o‘tkazilmoqda. Unda 48 dan ortiq mamlakatdan 2530 nafardan ziyod sportchi va rasmiy delegatsiyalar vakillari ishtirok etmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekistonda kikboksing bilan shug‘ullanuvchilar soni ortib borayotgani, milliy sportchilar esa xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani taʼkidlandi.

Adham Ikramov, shuningdek, Beykerga davlat rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan Olimpiya shaharchasi haqida videomaterial taqdim etdi. U sport infratuzilmasini rivojlantirish va atletlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar haqida ham maʼlumot berdi.

Tashrif doirasida WAKO prezidenti Olimpiya shaharchasi hududidagi Sport vazirligi maʼmuriy binosida joylashgan Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyi filialiga ham bordi.

U muzeyda o‘zbek sportchilarining yutuqlari va xalqaro maydonda erishgan natijalari bilan tanishdi.

Tashrif yakunida Roy Beyker faxriy mehmonlar kitobiga ezgu tilaklar bitilgan xotira yozuvini qoldirdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.