O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni farmatsevtika sohasida strategik hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni farmatsevtika sohasida strategik hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Saudiya Arabistoni Cog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurrahmon al-Jalojil boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida davlat idoralari, yetakchi tibbiyot muassasalari va xususiy sektor vakillari ishtirokida O‘zbekiston–Saudiya Arabistoni biznes muloqoti hamda davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, xalqaro investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish hamda O‘zbekistonni mintaqaning zamonaviy farmatsevtika markaziga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.
Shuningdek, xorijlik hamkorlarga mamlakatimizda barpo etilayotgan «BioPharma City» farmatsevtika innovatsion klasteri taqdim etildi. Loyiha doirasida biotexnologiya, ilmiy-tadqiqot, innovatsion ishlab chiqarish va xalqaro kooperatsiya uchun zamonaviy infratuzilmani shakllantirish rejalashtirilgan.
Uchrashuvning muhim natijalaridan biri sifatida tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari bilan bir qatorda farmatsevtika sohasida ham hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv investitsiyalar, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, texnologiyalar transferi va zamonaviy dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Saudiya Arabistoni delegatsiyasining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar va muzokaralar davom etmoqda.