Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va mintaqa davlatlari 2026–2027 yillarning vegetatsiyalararo davri uchun Amudaryo va Sirdaryo havzalaridan suv olish limitlarini tasdiqladi.
Tegishli qaror Turkmanistonning “Avaza” milliy turistik hududida bo‘lib o‘tgan Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining 95-yig‘ilishida qabul qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev rahbarlik qildi. Yig‘ilishda Turkmaniston, Qozog‘iston va Tojikistonning suv xo‘jaligi idoralari vakillari ham ishtirok etdi.
Ishtirokchilar suv resurslaridan oqilona foydalanish, mamlakatlar o‘rtasida suv taqsimoti va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Shavkat Hamrayev 2026 yilgi vegetatsiya davrida Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi vaziyat, suvdan foydalanish ko‘rsatkichlari hamda suv bilan taʼminlanganlik holati haqida maʼlumot berdi.
Vazir 2026–2027 yillarning vegetatsiyalararo davri uchun suv olish limitlari va suv omborlari kaskadlarining prognoz ish rejimlarini o‘zaro kelishilgan holda tasdiqlash zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, suv xo‘jaligi tizimlarini boshqarishni muvofiqlashtirish, suv resurslari hisobini yuritish va monitoringini takomillashtirish, gidropostlarni modernizatsiya qilish hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish muhimligi qayd etildi.
Gidrologik vaziyat o‘zgargan hollarda tezkor axborot almashish va maslahatlashuvlar o‘tkazishga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar Kerki gidropostidan uzatilayotgan maʼlumotlarning ishonchliligini, shuningdek, Amudaryoning yuqori, o‘rta va quyi oqimidagi suv isteʼmolchilari o‘rtasida suvni mutanosib taqsimlash masalalarini ko‘rib chiqdi.
Yig‘ilishda “Amudaryo” va “Sirdaryo” havza suv xo‘jaligi birlashmalarining 2026 yilgi vegetatsiya davrida suv olish limitlariga rioya qilinishi va suv omborlarining amaldagi ish rejimlari qo‘llanilishi bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Bundan tashqari, Sirdaryo havzasida suv resurslari hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish rejasini tayyorlash jarayoni maʼqullandi.
Ishtirokchilar Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga asos solgan davlatlar rahbarlarining sammitlarida belgilangan vazifalarning bajarilishini, shuningdek, jamg‘armaning ilmiy-axborot markazi va ijro organlari faoliyatini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv davomida 2026 yil dekabr oyida Abu-Dabida o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMTning Suv konferensiyasi va 2027 yil mart oyida Er-Riyodda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan 11-Jahon suv forumiga tayyorgarlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar bayonnomani imzoladi va Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining navbatdagi, 96-yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib oldi.