O‘zbekiston

Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 2,6 kg gashish olib qo‘yildi

Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 2,6 kg gashish olib qo‘yildi
Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 2,6 kg gashish olib qo‘yildi  / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 2,643 kg gashish deb belgilangan modda olib qo‘yildi.

Holatlar bo‘yicha gumonlanuvchilarga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Pop tumanidagi “Namangan” YPX postida Farg‘ona viloyati DXX boshqarmasi xodimlari ichki ishlar va bojxona organlari boshqarmalari bilan hamkorlikda «Farg‘ona — Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt avtomashinasini to‘xtatdi.

Avtomashina yukxonasidan 1 kg gashish aniqlanib, olib qo‘yildi. Mashinani Chirchiq shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqargan.

Yana bir holat Namangan viloyatining Chust tumanida aniqlandi. Viloyat DXX boshqarmasi xodimlari ichki ishlar va bojxona organlari vakillari bilan hamkorlikda VAZ-2103 avtomashinasini to‘xtatib, uni ko‘zdan kechirdi.

Avtomashina salonidan 995 gramm gashish aniqlandi. Avtomashina Yanginamangan tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroga tegishli bo‘lgan.

Bundan tashqari, xolislar ishtirokida Namangan shahrida 1975 yilda tug‘ilgan fuqaroning uyi ko‘zdan kechirilganda, yerto‘lada 648 gramm gashish aniqlandi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotlariga ko‘ra, erkak mazkur giyohvandlik vositasini Yanginamangan tumanida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan tanishidan 5 ming dollarga sotib olgan. Ushbu fuqaro ham protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.