Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan va Asian-Oceanian Computing Industry Organization (ASOCIO) O‘zbekiston startap-ekotizimini rivojlantirish hamda hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini muhokama qildi.
IT Park Uzbekistan startap-ekotizimni rivojlantirish bo‘yicha direktori Farrux Erkinov va ASOCIO raisi Sten Singx-Jit o‘rtasidagi uchrashuv ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri oktyabr oyida o‘tkaziladigan ASOCIO Digital & AI Awards 2026 mukofoti bo‘ldi. ICT WEEK doirasida o‘tkazilgan Startup & Venture Summit tadbirida O‘zbekistonning 10 ta loyihasi va kompaniyasi mazkur mukofotda g‘olib bo‘lgani maʼlum qilingan edi.
Uchrashuv ishtirokchilari ushbu loyihalar vakillarining yaqinlashib kelayotgan tadbirdagi ishtiroki tafsilotlarini muhokama qildi. Sten Singx-Jit, shuningdek, IT Park Uzbekistan‘ni ASOCIO tarkibiga qo‘shilgani bilan tabrikladi.
Tomonlar O‘zbekiston startap-ekotizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. ASOCIO raisi davlat tomonidan raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor va hukumatning texnologik sohani qo‘llab-quvvatlayotganini taʼkidladi.
Hamkorlikning keyingi bosqichi sifatida tomonlar O‘zbekistonda, shuningdek, Osiyo va Okeaniya mamlakatlarida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalasini muhokama qildi.
ASOCIO Osiyo va Okeaniya mamlakatlarining 25 ta uyushmasini birlashtiradi. Ularning tarkibiga 29 mingdan ortiq AKT kompaniyasi kiradi. Tashkilotga aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotining umumiy hajmi jahon YAIMining qariyb 45 foizini tashkil etadi.
ICT WEEK doirasida Sten Singx-Jit O‘zbekiston startap-ekotizimi bilan ham tanishdi. U OX SYSTEM vakillari bilan uchrashdi, shundan so‘ng tomonlar muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi. Shuningdek, u Ilg‘or texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi.