O‘zbekiston

O‘zbekiston Senati maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonunni rad etdi

O‘zbekiston Senati maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonunni rad etdi
O‘zbekiston Senati maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonunni rad etdi / Foto: Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senat Oliy Majlisning yalpi majlisida «Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunni ko‘rib chiqdi va muhokama yakunlariga ko‘ra, uning taqdim etilgan tahririni rad etdi.

Hujjat maʼmuriy organlar faoliyatining yagona huquqiy standartlarini shakllantirish va aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan.

Qonunni ko‘rib chiqish jarayonida senatorlar maʼmuriy tartib-taomillarni tartibga solish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qator qoidalarni qayd etdi. Xususan, qonunda mazkur faoliyatning asosiy tamoyillari mustahkamlanadi, dalillarni yig‘ish, maʼmuriy hujjatlarni qabul qilish va ijro etish tartibi belgilanadi. Ushbu normalar davlat organlari harakatlarining qonuniyligini taʼminlash va fuqarolar huquqlarini himoya qilishning protsessual kafolatlarini yaratishga qaratilgan.

Shu bilan birga, Senat aʼzolari hujjatda uni amaliyotda qo‘llashni murakkablashtirishi mumkin bo‘lgan tizimli huquqiy muammolar, bo‘shliqlar va turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan normalar mavjudligini ko‘rsatdi.

Bahsli qoidalardan biri sudga murojaat qilishdan oldin maʼmuriy hujjat ustidan majburiy ravishda sudgacha shikoyat qilish talabi bo‘ldi. Senatorlar mazkur norma Konstitutsiyaning 55-moddasiga mos kelmasligi mumkinligiga eʼtibor qaratdi. Unda har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, jumladan, davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan.

Senat aʼzolari fikriga ko‘ra, bunday huquqiy kolliziya normalarni turlicha talqin qilishga olib kelishi va huquqni qo‘llash amaliyotini murakkablashtirishi mumkin.

Bundan tashqari, senatorlar fikriga ko‘ra, maʼmuriy organlar tomonidan qarorlar qabul qilish va ular ustidan shikoyat qilish tartibi yana-da aniq tartibga solinishi zarur. Tegishli qoidalarning yetarlicha aniq belgilanmagani fuqarolar manfaatlarini himoya qilish samaradorligini cheklashi mumkin.

Muhokama davomida qonunni tayyorlashda joylardagi davlat organlarining unda nazarda tutilgan bir qator talablarni bajarish uchun tashkiliy-huquqiy va infratuzilmaviy imkoniyatlari to‘liq hisobga olinmagani ham taʼkidlandi.

Senatorlar maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonunchilik byurokratik to‘siqlarni izchil qisqartirish va fuqarolar huquqlarini amalda himoya qilishni taʼminlashi kerakligini taʼkidladi.

Ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, Senat qonunni taqdim etilgan tahrirda maʼqullash maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga keldi va uni rad etdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.