Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Migratsiya agentligi vakilligi bilan hamkorlikda Rossiya janubida mehnat faoliyati davomida og‘ir jarohat olgan D.U. ismli fuqaroni Vataniga qaytarishga ko‘maklashdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Baxtsiz hodisa oqibatida vatandoshimiz bir nechta jarohat olgan va mintaqa tibbiyot muassasasiga yotqizilgan. U yerda unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoni vakillari fuqaroning sog‘lig‘i holati va davolovchi shifokorlar tavsiyalarini inobatga olgan holda, uni O‘zbekistonga olib kelish masalasini ishlab chiqdi.
Tibbiy evakuatsiyani tashkil etish uchun O‘zbekistondan ikki nafar tibbiyot mutaxassisi yetib bordi. Ular fuqaroga parvoz davomida hamrohlik qildi va zarur tibbiy kuzatuvni taʼminladi.
Barcha zarur tashkiliy tadbirlar amalga oshirilganidan so‘ng jabrlangan fuqaro yetib kelgan tibbiyot xodimlari hamrohligida Mineralniye Vodi — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviareys orqali Vataniga jo‘natildi.