Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning kurash bo‘yicha terma jamoasi Osiyo o‘yinlarida ikki oltin va bir bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ibodatxon Ag‘ojonova va Shohruxxon Baxtiyorov chempion bo‘ldi, Bekmurod Oltiboyev esa bronza medali sohibi bo‘ldi.
57 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Ibodatxon Ag‘ojonova finalda Xitoy Taybeyi vakili ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
90 kilogrammdan yuqori vazn toifasida Shohruxxon Baxtiyorov hal qiluvchi bahsda Tojikiston vakili Shakarmamad Mirmamadovni mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi.
Xuddi shu vazn toifasining yarim finalida Bekmurod Oltiboyev Shohruxxon Baxtiyorovga mag‘lub bo‘ldi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, Oltiboyev bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Baxtiyorovning oltin medali O‘zbekiston delegatsiyasining Osiyo o‘yinlaridagi o‘ninchi oltin medali bo‘ldi.