Texnologiyalar

IT Park va Telecontact O‘zbekistonda biznesni kengaytirishni muhokama qildi

IT Park va Telecontact O‘zbekistonda biznesni kengaytirishni muhokama qildi
IT Park va Telecontact O‘zbekistonda biznesni kengaytirishni muhokama qildi / Foto: IT Park Uzbekistan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan va Telecontact kompaniyasi O‘zbekistonda biznesni yana-da rivojlantirish, hududlardagi faoliyat ko‘lamini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida bo‘lib o‘tdi.

IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Qaramatov Telecontact asoschisi Viktor Volskiy bilan uchrashdi. Tomonlar kompaniyaning mamlakatdagi faoliyatini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari va uni yana-da kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Telecontact kontakt-markaz xizmatlari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va xalqaro buyurtmachilar uchun servis loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan. Hozirda kompaniya Toshkent, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida faoliyat yuritmoqda. Uchta hududda jami 400 nafardan ortiq xodim ishlaydi.

Kengaytirishning keyingi yo‘nalishi Namangan viloyati bo‘lishi mumkin. Telecontact bu yerda yangi mintaqaviy ofis ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Kompaniya faoliyatini yana-da kengaytirish doirasida 1000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda.

Kengaytirish hududiy tarmoqni rivojlantirish, mahalliy mutaxassislarni jalb qilish va O‘zbekistondan xalqaro mijozlar uchun bajariladigan loyihalar hajmini oshirish hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan foydalanish bilan bog‘liq loyihalarni ham muhokama qildi.

Jumladan, O‘zbekistonda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va qayta ishlash sohasidagi qonunchilik talablari hamda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni hisobga olgan holda bunday loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Enterprise Uzbekistan mexanizmiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Telecontact ushbu mexanizmning imkoniyatlari va biznes uchun taqdim etiladigan imtiyozlarga qiziqish bildirdi. Tomonlar mexanizmda ishtirok etishning ehtimoliy afzalliklari va undan kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini yana-da kengaytirishda foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida IT Park Uzbekistan va Telecontact biznesni rivojlantirish va kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, kompaniya faoliyatini kengaytirish uchun mavjud vositalardan foydalanish masalalari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.