Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni farmatsevtika loyihalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Saudiya Arabistoni Qirolligi delegatsiyasi tarkibida mamlakatning yetakchi sog‘liqni saqlash tashkilotlari - "The Health Holding Company" (HHC) hamda "The National Unified Procurement Company" (NUPCO) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika tarmoqlarini modernizatsiya qilish, «BioPharma City» farmatsevtika klasteri doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, investitsiya muhitini yana-da yaxshilash hamda xorijiy kompaniyalar ishtirokida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirini takomillashtirish, davlat xaridlari tizimida ilg‘or yondashuvlarni joriy etish, texnologiyalar transferi, logistika, investitsiyalarni jalb qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
"The Health Holding Company" (HHC) Saudiya Arabistonining Vision 2030 strategiyasi doirasida sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilishda muhim o‘rin tutuvchi davlat kompaniyasi hisoblanadi. "The National Unified Procurement Company" (NUPCO) esa dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnologiyalarni markazlashgan tarzda xarid qilish hamda ularning uzluksiz taʼminotini taʼminlashga ixtisoslashgan yetakchi davlat operatoridir.