O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 20:20 · 44 views
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda  / Foto: Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Qirg‘iziston biznes-forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etgan mazkur tadbir doirasida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, ilm-fan va investitsiyalar sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi.

Biznes-forum doirasida o‘tkazilgan “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasida kooperatsiyani rivojlantirish” mavzusidagi panel sessiyasida urug‘chilik, kartoshkachilik, sholichilik, zamonaviy agrotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Forumning eng muhim natijalaridan biri sifatida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Jumladan, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda “Qirg‘iz Agroxolding” o‘rtasida urug‘chilik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qirg‘izistonning K. K. Azikov nomidagi dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Mazkur hujjatlar yuqori sifatli urug‘lik materiallari almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, yangi navlarni sinovdan o‘tkazish hamda mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish uchun mustahkam asos yaratadi.

Forum yakunida tashkil etilgan B2B uchrashuvlari esa ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida yangi sheriklik aloqalarini o‘rnatish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni shakllantirish uchun muhim maydonga aylandi. Bu esa O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasining agrar sohadagi strategik sherikligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.