O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki bilan sheriklikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

UzDaily tahririyati · 29.06.2026 · 23:37 · 32 views
Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki bilan sheriklikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Oʻzbekiston Prezidenti Jahon banki bilan sheriklikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Jahon banki taʼsischi davlatlarining “Shveysariya guruhi” yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Antonella Bassani davlatimiz rahbariga Jahon banki prezidenti Ajay Banganing samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Jahon banki guruhi bilan strategik hamkorlikni Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha keng miqyosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Soʻnggi yillarda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan ikki tomonlama aloqalar va konstruktiv sheriklik misli koʻrilmagan darajaga koʻtarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻtgan yil sentabr oyida Nyu-York shahrida Jahon banki prezidenti bilan erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.

Qoʻshma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Toshkent shahrida Jahon bankining mintaqaviy ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Moliyalashtirishning yangi mexanizmlari samarali joriy etilmoqda.

Joriy yilda boʻlib oʻtadigan Jahon banki oliy rahbariyatining tashriflari va qoʻshma tadbirlarga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligi taʼkidlandi.

Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy yoʻnalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli Mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni ilgari surish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishda Jahon banki guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Suv xoʻjaligi sohasini moliyalashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilashga koʻmaklashish masalalarida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.