Moliya

O‘zbekiston xususiy banklari aktivlari bir yilda 29 foizga o‘sdi

O‘zbekiston xususiy banklari aktivlari bir yilda 29 foizga o‘sdi
O‘zbekiston xususiy banklari aktivlari bir yilda 29 foizga o‘sdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda davlat ishtiroki bo‘lmagan tijorat banklarining aktivlari 2026 yil 1 avgust holatiga bir yilda 29 foizga o‘sib, 386 trillion so‘mga yetdi. Davlat ulushi mavjud banklar aktivlari esa shu davrda 14 foizga oshib, 630,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki xabar berdi.

Davlat banklarining bank tizimi jami aktivlaridagi ulushi bir yilda 64,9 foizdan 62 foizga kamaydi.

Sektor aktivlarining umumiy hajmi 1 016,6 trillion so‘mga yetdi.

Kreditlashda farq yana-da yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususiy banklarning kredit portfeli 21,2 foizga o‘sib, 222,7 trillion so‘mga yetgan bo‘lsa, davlat ulushi mavjud banklarda bu ko‘rsatkich 7,5 foizga oshib, 421,9 trillion so‘mni tashkil etdi. Davlat banklarining jami kreditlar hajmidagi ulushi 68,1 foizdan 65,5 foizga qisqardi.

Depozitlar bo‘yicha har ikki guruh deyarli bir xil dinamikani qayd etdi. Xususiy banklar depozitlari 34,1 foizga oshib, 234,4 trillion so‘mga, davlat banklaridagi depozitlar esa 33,8 foizga o‘sib, 248,2 trillion so‘mga yetdi. Davlat ulushi mavjud banklarning tizim depozit bazasidagi ulushi 51,4 foizni tashkil etdi, bir yil avval bu ko‘rsatkich 51,5 foiz bo‘lgan.

Davlat ulushi mavjud banklarda kreditlarning depozitlarga nisbati bir yilda 211,5 foizdan 170 foizga, boshqa banklarda esa 105,1 foizdan 95 foizga tushdi. Shu tariqa, xususiy banklar jami hisobda jalb qilingan depozitlarga nisbatan kamroq kredit ajratgan.

Davlat banklarining majburiyatlari 14,4 foizga o‘sib, 542,9 trillion so‘mga yetgan. Xususiy banklarda esa majburiyatlar 28,9 foizga oshib, 323,1 trillion so‘mni tashkil etgan.

Sektor jami kapitalining 58,3 foizi, yaʼni 87,7 trillion so‘mi davlat ulushi mavjud banklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan banklar ulushi 41,7 foiz yoki 62,8 trillion so‘mni tashkil etadi. Davlat banklari kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi 4 foiz, xususiy banklarda esa 3,2 foizni tashkil etgan.

Davlat ulushi mavjud banklar guruhiga to‘qqizta bank kiradi: O‘zmilliybank, Agrobank, O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank, Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, Aloqabank, Mikrokreditbank va Turonbank.

Ular orasida aktivlar hajmi bo‘yicha hanuz O‘zmilliybank yetakchilik qilmoqda. Uning aktivlari 145,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Qolgan 25 ta bank orasida Kapitalbank 62,1 trillion so‘m, Ipoteka-bank 56 trillion so‘m va Hamkorbank 42,5 trillion so‘mlik aktivlari bilan yetakchilik qilmoqda.

Yirik xususiy banklar orasida Ipak Yo‘li banki aktivlari bir yilda 36,8 foizga, Hamkorbank aktivlari 33,1 foizga, Kapitalbank aktivlari 20,3 foizga, Ipoteka-bank aktivlari esa 10,1 foizga o‘sgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.