Shoshilinch
Iqtisod

Oʻzbekiston Prezidenti Baliqchidagi parrandachilik klasteriga tashrif buyurdi

Oʻzbekiston Prezidenti Baliqchidagi parrandachilik klasteriga tashrif buyurdi
Oʻzbekiston Prezidenti Baliqchidagi parrandachilik klasteriga tashrif buyurdi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida Baliqchi tumanidagi “Sokin savdo servis” parrandachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.

Parranda goʻshti parhezbopligi va hamyonbopligi bilan aholi ratsionida muhim oʻrin tutadi. Shu bois, mamlakatimizda yirik parrandachilik majmualarini tashkil etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va bozorni sifatli mahsulotlar bilan barqaror taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mazkur parrandachilik klasteriga 2010-yilda asos solingan. Bugungi kunda uning Andijon viloyatida 5 ta, Namangan viloyatida 3 ta xoʻjaligi mavjud. Toshkent viloyatidagi korxonada esa parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqariladi.

Klasterda ozuqa tayyorlash, parranda boqish, soʻyish, goʻshtni qayta ishlash, qadoqlash va isteʼmolchiga yetkazib berishni qamrab olgan toʻliq ishlab chiqarish zanjiri yaratilgan. Goʻshtni qayta ishlash majmuasi avtomatlashtirilgan boʻlib, yuqori gigiyenik talablarga javob beradi.

Loyihaning umumiy qiymati 29 million dollarni tashkil etadi. Klasterda 417 nafar kishi mehnat qilmoqda.

Ayni paytda majmuada 1,5 million dona broyler tovugʻi parvarishlanmoqda. Yiliga 8,2 million dona broyler boqish va 20,6 ming tonna parranda goʻshti yetishtirish imkoniyati mavjud.

Majmuada yiliga 55 ming tonna tovuq goʻshti va yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlash quvvatlari yaratilgan. Mahsulotlar “Halol”, HACCP va ISO standartlari asosida ishlab chiqariladi.

Joriy yil boshidan klasterda naslchilik yoʻnalishi ham yoʻlga qoʻyildi. Hozirda 25 ming dona naslli ona tovuq parvarishlanib, yiliga 9 million dona tuxumdan 7,6 million dona broyler joʻja olish rejalashtirilgan.

2027-yil yakuniga qadar parranda chiqindilarini qayta ishlashga moʻljallangan rendering liniyasi ishga tushiriladi hamda parranda boqishda koʻp qavatli katak tizimi joriy etiladi. Ushbu ikki loyihaga 10 million dollar yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, faoliyati toʻxtab qolgan yoki moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan parrandachilik xoʻjaliklarini klaster bilan yagona kooperatsiya tizimiga birlashtirish taklif etilmoqda. Ushbu tashabbus 350-400 ta ish oʻrnini qayta tiklash va qoʻshimcha 1,7 million dona parranda yetishtirish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbariga klasterdagi ishlab chiqarish jarayonlari, tayyor mahsulotlar va istiqbolda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida axborot berildi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.