O‘zbekiston

Mirziyoyev Qoraqalpogʻistondagi intensiv bogʻni aylanib chiqdi

Mirziyoyev Qoraqalpogʻistondagi intensiv bogʻni aylanib chiqdi
Mirziyoyev Qoraqalpogʻistondagi intensiv bogʻni aylanib chiqdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kegeyli tumanidagi “ADM Agro” korxonasining sanoatlashgan intensiv bogʻida yoʻlga qoʻyilgan zamonaviy agrar tajribani koʻzdan kechirdi.

Jahon tajribasida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar boshqa tarmoqlarni ham rivojlantirib, ko‘p tarmoqli faoliyat yuritishi keng tarqalgan. Jizzax viloyatida avtomobil ishlab chiqarayotgan “ADM Group” kompaniyasi ham shu yondashuv asosida faoliyatini kengaytirmoqda. Orolbo‘yida intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish uning yangi yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.

Aytishlaricha, Orolboʻyining ogʻir iqlimida, shoʻr tuprogʻida bogʻdorchilik oʻzini oqlamaydi. 55 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan mazkur loyiha esa bu qarashlarni butkul oʻzgartirmoqda.

Bogʻning umumiy maydoni 330 gektarni tashkil etadi. Eng muhimi, mahalliy aholi uchun 100 ta muqim ish oʻrni yaratildi. Ilgari doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan qishloq aholisi endi oʻz hududida ishlab, oilasiga baraka kiritmoqda.

Hozirda 69 gektar maydonga AQShda seleksiya qilingan 250 ming tub qora olxoʻri koʻchati ekilgan. Bu nav shoʻr yerlarga juda chidamli hisoblanadi. U ekilganidan soʻng atigi 2 yilda hosilga kiradi. Bir tup daraxt 50-60 kilogrammgacha hosil beradi. Mevaning yirikligi va danakning oson ajralishi qayta ishlash uchun juda qulay sanaladi.

Yerdan unumli foydalanish va daromadni koʻpaytirish maqsadida daraxtlar orasiga hosildor pomidor navi ekildi. Ekin maydonining har bir gektaridan oʻrtacha 40-45 tonna hosil olish mumkin.

Bogʻda qoʻllanilgan zamonaviy texnologiyalar suv tanqisligi bilan bogʻliq muammoga samarali yechim berdi. Maydonda yopiq drenaj va tomchilatib sugʻorish tizimlari joriy qilingan. Oddiy sugʻorishda bir gektar yerga 12 ming litr suv ketadi. Yangi tizim orqali esa bu sarf bor-yoʻgʻi 5 ming litrni tashkil etmoqda. Natijada suv 60 foizgacha tejaladi.

Suv toʻgʻridan-toʻgʻri daraxt ildiziga boradi va behuda sarf boʻlmaydi. Suv bilan birga berilgan mineral oʻgʻitlar 90 foizgacha oʻsimlik tomonidan oʻzlashtiriladi. Namlikning bir maromda saqlanishi hosildorlikni yanada oshiradi. Tizim toʻliq avtomatlashtirilgani sababli yuzlab gektar maydonni birgina operator bemalol boshqara oladi.

Iqlimning injiqliklariga qaramay, shunday zamonaviy bogʻ yaratilgani tadbirkorlarimizning jasorati va yangicha fikrlayotganidan dalolat ekani qayd etildi.

Mevani shu yerning oʻzida quritish va qayta ishlash uskunalari oʻrnatilgani mahsulot qiymatini bir necha barobarga oshirayotgani taʼkidlandi.

Loyiha doirasida tayyor mahsulotlarni sotish boʻyicha ham aniq reja mavjud. Eksport qilish yuzasidan Xitoy, Koreya va Rossiya davlatlari bilan manfaatli shartnomalar imzolab boʻlingan.

Kegeylidagi mazkur muvaffaqiyatli tajriba butun Qoraqalpogʻiston boʻylab kengaytiriladi. Intensiv bog‘lar maydonini 10 ming gektarga yetkazib, 40 mingta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Shu yerda davlatimiz rahbari fermerlar bilan muloqot qildi. Ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida qayd etib, Qoraqalpog‘iston taraqqiyotiga qaratilayotgan doimiy e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.