Iqlimga mos texnologiyalar O'zbekistonda bog'dorchilikning barqarorligini mustahkamlaydi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) bilan hamkorlikda "Barqaror tijorat bog‘dorchiligi uchun aniq qishloq xo‘jaligi" loyihasini amalga oshirmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan bo’lib, Jizzax viloyatining Baxmal tumanida amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi aniq qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va zamonaviy agrotexnik yondashuvlarni joriy etish orqali bog‘dorchilik tarmog‘ining samaradorligi hamda iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirishdan iborat.
Loyiha 15 ta fermer guruhini qamrab olgan bo‘lib, ular tarkibida 35 nafar bog‘bon, 82 nafar dehqon xo‘jaligi vakili hamda bitta mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan hamkorlik qilayotgan 7 nafar fermer faoliyat yuritmoqda. Hududlarda o‘tkazilgan dala o‘rganishlari va 60 nafardan ortiq fermer bilan tashkil etilgan uchrashuvlar natijasida loyiha uchun 124 nafar ishtirokchi saralab olindi. Ularning 75 nafari ayollar, 49 nafari erkaklardan iborat. Shuningdek, fermerlarning biznes-rejalari va ehtiyojlari tahlil qilinib, ularga yetkazib berilishi rejalashtirilgan uskunalar ro‘yxati shakllantirildi.
O‘rganishlar natijasida fermerlar uchun quyosh panellari, tomchilatib sug‘orish va aqlli sug‘orish tizimlari, purkagichlar, soyalovchi to‘rlar, suv nasoslari hamda sovutish omborlari eng ustuvor ehtiyojlardan biri ekani aniqlandi. Mazkur texnologiyalar suv resurslaridan samarali foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha ekspertlari tomonidan 15 ta bog‘ va 20 ta dehqon xo‘jaligida joyiga chiqib baholash ishlari amalga oshirildi. Natijalar hududda suv tanqisligi bog‘dorchilikni rivojlantirishdagi eng dolzarb muammolardan biri ekanini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, quyosh energiyasida ishlovchi sug‘orish tizimlari ushbu muammoning samarali yechimlaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Loyiha doirasida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga hosildorlikni sezilarli darajada oshirish imkoniyatlari ham tahlil qilindi. Hozirda an’anaviy olma bog‘larida hosildorlik gektaridan o‘rtacha 8–12 tonnani tashkil etsa, intensiv bog‘larda bu ko‘rsatkich 25–40 tonnagacha yetmoqda. Fermerlar yuqori zichlikdagi ekish (High-Density Planting – HDP) texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etmoqda. Ushbu yondashuv an’anaviy bog‘larga nisbatan hosildorlikni 4–5 baravar oshirish imkonini bermoqda.
"Iqlim o‘zgarishi sharoitida bog‘dorchilikning barqaror rivojlanishi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilangina emas, balki fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni mahalliy sharoitga mos innovatsion yechimlar bilan ta’minlash orqali ta’minlanadi. Ushbu loyiha fermerlarning iqlim o‘zgarishiga moslashish salohiyatini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va bog‘dorchilik tarmog‘ining raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi", — dedi Hayrulla Esonov, loyihaning texnik mutaxassisi.
Loyihaning navbatdagi bosqichida ishtirokchilar uchun integratsiyalashgan zararkunandalarga qarshi kurash (IPM), iqlim o‘zgarishiga mos qishloq xo‘jaligi amaliyotlari hamda aqlli dehqonchilik texnologiyalari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, fermerlarga zarur uskunalarni o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida xarid jarayonlariga tayyorgarlik ishlari yakunlandi.
Loyiha zamonaviy texnologiyalar, amaliy bilim va maqsadli investitsiyalarni uyg‘unlashtirish orqali O‘zbekistonda bog‘dorchilik tarmog‘ining samaradorligi, raqobatbardoshligi va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirishga, shuningdek, fermerlarning kelgusidagi iqlim xatarlariga moslashish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.