Chigirtka xavfini erta aniqlash: FAO va IOFS Markaziy Osiyo mutaxassislari salohiyatini oshirmoqda
Chigirtka xavfini erta aniqlash: FAO va IOFS Markaziy Osiyo mutaxassislari salohiyatini oshirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yaqinda O‘zbekistonda, jumladan Buxoro viloyatida kuzatilgan yirik chigirtka to‘dalari jamoatchilik e’tiborini tortdi. Vakolatli idoralar bu holat mahalliy va mavsumiy migratsiya ekanini, qishloq xo‘jaligi ekinlari va yerlariga zarar yetkazilmaganini ma’lum qildi.
Biroq chigirtkalarning har yili ko‘p miqdorda paydo bo‘lishi muntazam monitoring olib borish zarurligini ko‘rsatadi. Buning uchun chigirtka turlarini tez aniqlay oladigan, ehtimoliy xavfni baholaydigan va zarur choralarni belgilaydigan malakali mutaxassislar kerak.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti (IOFS) Buxoro viloyatida chigirtkalar va boshqa chigirtkasimonlarni, jumladan saksovul bukri chigirtkasini (Dericorys albidula) aniqlash bo‘yicha mintaqaviy trening o‘tkazdi.
Unda Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistondan chigirtkalarga qarshi kurashish va o‘simliklarni himoya qilish sohasi mutaxassislari qatnashdi. Treningning asosiy maqsadi dala ma’lumotlarini to‘plash va tahlil qilish sifatini yaxshilash, prognozlash imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, chigirtkalar ko‘payishi bo‘yicha erta ogohlantirish va tezkor javob tizimlarini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir FAOning ko‘p tomonlama moliyalashtiriladigan “Kavkaz va Markaziy Osiyoda chigirtkalarni milliy va mintaqaviy darajada boshqarishni takomillashtirish dasturi” hamda IOFSning Transchegaraviy zararkunandalarga qarshi kurashish dasturi doirasida tashkil etildi. Trening O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan yaqin hamkorlikda o‘tkazildi.
Chigirtkalarni samarali boshqarish, avvalo, ularning turini to‘g‘ri aniqlashdan boshlanadi. Turli chigirtkalar biologik xususiyatlari, tarqalish hududi va qishloq xo‘jaligiga yetkazishi mumkin bo‘lgan zarari bilan bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun har bir turni kuzatish va unga qarshi kurashishda ilmiy ma’lumotlarga asoslangan alohida yondashuv talab etiladi.
Trening nazariy mashg‘ulotlar, amaliy topshiriqlar va dala kuzatuvlarini qamrab oldi. Ishtirokchilar Buxoro viloyatining Jondor, Peshku va Romitan tumanlarida qo‘shma kuzatuvlar olib borib, keyingi o‘rganish uchun chigirtka namunalarini to‘pladi. Bu ularga hasharotlarni tabiiy yashash muhitida kuzatish hamda dala tadqiqotlari va namuna yig‘ish usullarini bevosita amalda qo‘llash imkonini berdi.
Nazariy mashg‘ulotlarda Markaziy Osiyoda uchraydigan, qishloq xo‘jaligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan asosiy chigirtka turlarining tuzilishi, tasnifi, biologik va ekologik xususiyatlari o‘rganildi. Mutaxassislar ularni rivojlanishning turli bosqichlarida aniqlash usullari bilan ham tanishdi.
Dalada to‘plangan namunalar yordamida asosiy turlar va ularning lichinkalik bosqichlarini aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Dericorys avlodiga mansub turlar batafsil ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar namunalarni saqlash va etalon kolleksiyalarni shakllantirish usullarini ham o‘rgandi. Dasturdan saksovul bukri chigirtkasi va boshqa cho‘l chigirtkalariga qarshi biologik kurash usullari ham o‘rin oldi.
Mashg‘ulotlarni FAOning chigirtkalarni boshqarish bo‘yicha katta eksperti Aleksandr Latchininskiy hamda O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi Furqat Gapparov olib bordi.
Trening yakunida ishtirokchilarning asosiy chigirtka turlari va ularning rivojlanish bosqichlarini aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari baholandi. Olingan bilim va tajribani milliy monitoring tizimlarida qo‘llash imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Tadbir transchegaraviy o‘simlik zararkunandalari bilan bog‘liq umumiy xavflarga duch kelayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik va axborot almashinuvini kuchaytirdi. Muntazam monitoring, ishonchli dala ma’lumotlari va tezkor axborot almashinuvi vakolatli idoralarga vaziyatni to‘g‘ri baholash hamda ilmiy ma’lumotlarga asoslangan choralarni o‘z vaqtida ko‘rish imkonini beradi.
FAO va uning hamkorlari mutaxassislar salohiyati hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash orqali chigirtka tarqalishining oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra, xavflarning oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Bu ekinlar va yaylovlarni himoya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda qishloq aholisining tirikchilik manbalarini asrashga xizmat qiladi.