YTTB Toshkent quvur zavodiga 25 mln dollar ajratadi
YTTB Toshkent quvur zavodiga 25 mln dollar ajratadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) mamlakatdagi yetakchi xususiy metall konstruksiyalari ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Toshkent quvur zavodiga energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish dasturini amalga oshirish uchun 25 million AQSH dollarigacha miqdorda kredit ajratadi.
Moliyalashtirish uzun o‘lchamli po‘lat mahsulotlari, jumladan simkatanka ishlab chiqarishda foydalaniladigan cho‘zish stani uskunalarini almashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, korxona quvurlarni tashqi izolyatsiya qilish sexida energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatadi. Ular qatorida metallni toblash, bolg‘alash va zich o‘rnatish jarayonlari uchun mo‘ljallangan o‘rta chastotali induksion qizdirish tizimi ham bor.
Loyihaning amalga oshirilishi uzun o‘lchamli po‘lat mahsulotlari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va katta diametrli izolyatsiyalangan quvurlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish imkonini beradi. Yangi texnologiyalarni joriy etish natijasida tabiiy gaz isteʼmolini yiliga 22 foizga, elektr energiyasi sarfini esa 35 foizgacha qisqartirish kutilmoqda.
YTTB maʼlumotiga ko‘ra, mazkur loyiha korxonaning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi hamda qurilish va infratuzilma sohalari tomonidan po‘lat mahsulotlariga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabni samarali qondirish imkonini yaratadi.
Loyiha Yaponiya va YTTB hamkorlik jamg‘armasi, shuningdek, YTTBning Iqlim o‘zgarishi sohasida moliya va texnologiyalar transferi markazi (FINTECC) ko‘magida amalga oshirilmoqda. Tashabbus bankning energiya samarador texnologiyalarga investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash orqali “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni rag‘batlantirish strategiyasiga mos keladi.
YTTB maʼlumotlariga ko‘ra, bankning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan umumiy investitsiyalari hajmi 210 ta loyiha doirasida qariyb 6,9 milliard AQSH dollariga yetgan. Mablag‘larning asosiy qismi xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
So‘nggi olti yil davomida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda YTTB moliyalashtirishining eng yirik oluvchisi bo‘lib qolmoqda.