Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tijorat banklari 2026 yil yanvar–avgust oylarida uy-joy xarid qilish uchun 59,2 mingga yaqin fuqaroga 18,3 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratdi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki xabar berdi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,9 trln so‘mga ko‘p.
Ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari moliyalashtirish manbasiga qarab 16,9 foizdan 21,6 foizgacha bo‘lgan.
Ipoteka kreditlarining 74 foizi, yaʼni 13,6 trln so‘m mablag‘ birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirilgan bo‘lib, ulardan 43 757 nafar qarz oluvchi foydalangan.
Ikkilamchi uy-joy bozoriga esa 26 foiz kredit, yaʼni 4,7 trln so‘m mablag‘ to‘g‘ri kelgan. Ushbu kreditlardan 15 422 nafar qarz oluvchi foydalangan.
Qarz oluvchilarning 53 foizini erkaklar, 47 foizini esa ayollar tashkil etdi. Yosh guruhlari bo‘yicha eng katta ulushni 31–50 yoshdagi fuqarolar tashkil qildi — 64 foiz yoki 37 980 nafar. 18–30 yoshdagilar ulushi 26 foiz, yaʼni 15 224 nafarni, 51 yoshdan katta qarz oluvchilar ulushi esa 10 foiz, yaʼni 5975 nafarni tashkil etdi.
Hududlar kesimida kreditlashning eng katta hajmi Toshkent shahrida qayd etildi — 5 592 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati — 1 591 mlrd so‘m va Farg‘ona viloyati — 1 264 mlrd so‘m bilan qayd etildi.
Banklar orasida kredit ajratish hajmi bo‘yicha Xalq banki 2 845 mlrd so‘m, Agrobank 2 771 mlrd so‘m, Milliy bank 2 212 mlrd so‘m va Ipoteka-bank 2 167 mlrd so‘m ko‘rsatkich bilan yetakchilik qildi.
So‘nggi besh yilda ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi qariyb ikki barobarga oshdi: 2021 yildagi 9,8 trln so‘mdan 2025 yil yakunida 21,2 trln so‘mga yetdi.