Yoshlarning start up loyihalari o‘rmon xo‘jaligi sohasida keng joriy etiladi

Yoshlarning start up loyihalari o‘rmon xo‘jaligi sohasida keng joriy etiladi
 

Yoshlarning start up loyihalari o‘rmon xo‘jaligi sohasida keng joriy etiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqandda o‘tkazilayotgan "Eco Expo Central Asia 2026" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, Agentlik huzuridagi O‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi rahbari Odilxon Yo‘ldoshxonov va “Innovation Group” startap loyihasi tashabbuskorlari o‘rtasida 2 ta innovatsion loyihani sohaga keng joriy etish maqsadida anglashuv memorandumi imzolandi.
 
Aytish joizki, Smart Forestry deb nomlangan birinchi startap loyihasi bugun butun dunyoda iqlim o‘zgarishlari oqibatlari xavfi ortib borayotgan bir paytda hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, yangi o‘rmonzorlar barpo etish va o‘rmon yong‘inlarining oldini olish kabi foydali jihatlari bilan alohida ajralib turadi. Bugun loyiha ustida 10 nafardan ziyod salohiyatli yoshlar guruhi mehnat qilishmoqda.

Ushbu startap guruhi rahbari Akbarali Turdiyevning aytishicha, loyiha amaliyotga joriy etilganidan so‘ng avtomatik ravishda o‘rmon yong‘inlari erta aniqlanadi va mas’ul tuzilmalar xabardor qilinadi. Mavjud daraxt va butalarning holati kuzatiladi, kesilishining oldi olinadi. Ko‘chatxonalarda sun’iy intellekt yordamida nihollarning parvarish qilinishi, me’yorida sug‘orilishi tizimli tashkil etiladi.

Ikkinchi startap loyihasi ustida esa 4 nafar qoraqalpog‘istonlik izlanuvchan talaba-yoshlar ish olib borishmoqda. Loyiha guruhi rahbari Hurliman Seytniyazovaning ta’kidlashicha, yoshlar bugun Turon guli daraxtining Orolbo‘yi mintaqasi iqlimiga mos navlarini ko‘paytirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borishyapti.

Aynan cho‘l hududlarida tez rivojlanib o‘sadigan ushbu daraxt o‘rtacha 120–150 yilgacha umr ko‘radi. Ular suvsizlikka chidamli bo‘lib, balandligi 15–20 metrgacha o‘sadi va natijada chang hamda qum bo‘ronlarining oldi olinadi, asosiysi, atmosfera havosining tozaligi ta’minlanadi.

Ahamiyatlisi, yosh tadqiqotchilar Turon guli daraxtining tanlangan navlarini keng hajmda ko‘paytirib, yaqin yillarda Nukus shahrining “Yashil belbog‘i”ni barpo etishni maqsad qilishgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling