Texnologiyalar

IT Park Uzbekistan va OITE Global memorandum imzoladi

IT Park Uzbekistan va OITE Global memorandum imzoladi
IT Park Uzbekistan va OITE Global memorandum imzoladi / Foto: IT Park Uzbekistan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan va OITE Global o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat O‘zbekiston texnologik kompaniyalari va startaplarining Ummonda o‘tkaziladigan COMEX tadbirlarida ishtirokini kengaytirishni nazarda tutadi. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.

IT Park Uzbekistan bosh direktori maslahatchisi Abdulahad Ko‘chqorovning OITE Global va COMEX bosh direktori Amr Abdulla Baabud bilan uchrashuvi ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar hamkorlik istiqbollarini, jumladan, O‘zbekiston IT-kompaniyalari va startaplarining COMEX Global Technology Show ko‘rgazmasida ishtirok etishi, shuningdek, O‘zbekistonning texnologik salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uchrashuvda Maskat shahridagi Oman Convention & Exhibition Centre majmuasida 1–4 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan COMEX 2027 ko‘rgazmasiga tayyorgarlik masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv ishtirokchilari IT Park Uzbekistan‘ning turli formatlarda ishtirok etishi, shuningdek, mahalliy texnologik loyihalarni ilgari surish maqsadida qo‘shimcha tadbirlar o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Muhokamaning alohida yo‘nalishi startaplarni investorlar bilan bog‘lash masalasi bo‘ldi. Tomonlar COMEX ekotizimida Markaziy Osiyo startaplari uchun maxsus yo‘nalish tashkil etish, potensial investorlar, texnologik kompaniyalar va xalqaro hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.

Imzolangan memorandum O‘zbekiston startaplarining COMEX tadbirlarida rasmiy ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, texnologik ekotizimlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda O‘zbekistonda COMEX tadbirlarini o‘tkazish imkoniyatlarini ishlab chiqishni nazarda tutadi.

COMEX davlat tuzilmalari, texnologik kompaniyalar, startaplar, investorlar va soha ekspertlarini birlashtiradi. Ko‘rgazma mavzulari elektron hukumat, sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar, kiberxavfsizlik, moliyaviy texnologiyalar, Gaming & Esports, robototexnika, aqlli shaharlar, kosmik va uchuvchisiz texnologiyalar, barqaror energetika, AgriTech va HealthTech yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Tashkilotchilar maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilda COMEX ko‘rgazmasiga 90 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan. Tadbirlarda 200 dan ziyod davlat va xususiy tashkilot hamda 140 dan ortiq texnologik startap ishtirok etgan. Ko‘rgazma doirasida umumiy qiymati qariyb 116 mln ummon riali bo‘lgan 150 dan ortiq kelishuv imzolanishi eʼlon qilingan.

COMEX 2027 ko‘rgazmaning 35-chi yubiley tadbiri bo‘ladi. Uning tashkilotchisi OITE Global bo‘lib, kompaniya 40 yildan ortiq vaqt davomida Ummonda xalqaro ko‘rgazmalar, konferensiyalar va biznes tadbirlarini tashkil etib kelmoqda.

IT Park Uzbekistan‘ning COMEX bilan hamkorligi amaliy asosga ega.

2025 yil sentyabr oyida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi hamda Detecting AI, BRB Tech va Fleetroot rezidentlari Maskat shahrida bo‘lib o‘tgan COMEX Technology Show ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Ko‘rgazma davomida ular Ummon va xalqaro kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazib, eksport va texnologik loyihalarni muhokama qildi.

Yangi memorandum O‘zbekiston texnologik kompaniyalari va startaplarining COMEX maydonidagi ishtirokini yana-da kengaytirish hamda Ummon va Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun asos yaratadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.