Uy-joyga muhtoj yosh oilalarga ipoteka kreditlari ajratiladi
Uy-joyga muhtoj yosh oilalarga ipoteka kreditlari ajratiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda uning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyulgacha nodavlat qo‘shimcha taʼlim xizmatlari ko‘rsatuvchi subyektlarning yuqori natijalarga erishgan o‘qituvchilari xorijiy ilg‘or taʼlim markazlariga stajirovkaga yuboriladi.
Olis va chekka hududlarda xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat qo‘shimcha taʼlim xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish uchun foizsiz qarz (ssuda) ajratilgan va faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan subyektlarga BHMning 730 baravarigacha miqdorda foizsiz qarz (ssuda) ajratib boriladi.
2027 yil 1 yanvardan uy-joyga muhtoj yosh oilalarga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun quyidagi tartibda ipoteka kreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yiladi: Ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi, quyidagi asosiy ijtimoiy mezonlarga muvofiq keladigan yosh oilalarga ipoteka krediti ajratiladi, ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi, ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i nomida so‘nggi 3 yilda mulk huquqi asosida ko‘chmas mulk mavjud emasligi.
2027 yildan har 2 yilda 1 marta 12 avgust – Xalqaro yoshlar kuni arafasida “Avlodlar muloqoti” xalqaro yoshlar kongressi o‘tkaziladi.
2026 yildan har yili sentyabr oyida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida milliy urf-odatlarga tayanib, yuksak madaniy-estetik meʼyorlar hamda xavfsizlikni taʼminlagan holda “Yoshlik – hayotning baxtli va oltin davri” shiori asosida umummilliy yoshlar festivalini o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yildan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida “Ilg‘or ijodkor” Prezident mukofoti joriy etiladi. Unga ko‘ra: sheʼriyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi yozuvchi va shoirlar mukofotlanadi va har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar BHMning 200 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
2026 yildan hududlarda taʼlim muassasasi, sport obyektlari, yoshlar va madaniyat markazi, kutubxona, kinoteatr, konsert-tomosha zali, ko‘ngilochar saylgoh va bog‘lardan iborat yoshlarga mo‘ljallangan infratuzilma obyektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha minimal standartlar joriy etiladi.
2026–2027 yillarda har bir hududda 1 tadan turizm, gastronomik, yoshlar sayilgohi va savdo-servisga ixtisoslashgan maxsus xizmat ko‘rsatuvchi ko‘chalarda kutubxona, “book cafe”, kitob do‘konlari joylashtiriladi.
Kitob sotuvini oyiga 10 mingdan oshirgan tadbirkorlarga 1 mlrd so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratish choralari ko‘riladi.