Toshkentda Sergeli avtomobil bozori va yana 34 ta obyekt xususiylashtiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Ular poytaxtdagi 35 ta bozor va savdo obyektini xususiylashtirishni nazarda tutadi. Tegishli qaror 27 iyul kuni imzolandi.
Hujjat iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Barcha obyektlarni Tashkent Invest munitsipal kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar asosida tayyor biznes shaklida ochiq savdolar orqali realizatsiya qilish rejalashtirilgan. Master-rejalarni tayyorlashni moliyalashtirish Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Xususiylashtirish shartlariga ko‘ra, yangi mulkdorlar bozorlar va savdo majmualari hududida zamonaviy ekobozorlar, savdo, servis va ko‘ngilochar obyektlarni tashkil etishi, shuningdek, ko‘p qavatli avtomobil turargohlarini barpo etishi kerak bo‘ladi.
Bozorlarga tegishli yer uchastkalari va ko‘chmas mulk obyektlari davlat ulushini oshirish hisobiga Tashkent Invest kompaniyasi mulkiga o‘tkaziladi. Bunda ko‘chmas mulk utilizatsiya qiymati bo‘yicha baholanadi, yer uchastkalari esa yer solig‘i stavkasining maksimal pasaytiruvchi koeffitsiyenti qo‘llangan holda hisoblanadi.
Tashkent Invest kompaniyasiga o‘tkazilgan hududlarda qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish huquqi beriladi.
Obyektlar sotilganidan keyin kompaniyaga bitim summasining 1 foizi o‘tkaziladi, shuningdek, savdolarni tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.
Xususiylashtirilishi rejalashtirilgan obyektlar ro‘yxatiga “Aviastroiteley”, “Qoraqamish”, “Qo‘yliq”, “Navro‘z”, “Sergeli” va “Farhod” dehqon bozorlari, “Navro‘z” bozorining yettita filiali, “Sergeli” bozorining oltita filiali, “Qoraqamish” bozorining beshta filiali va “Yunusobod” bozorining ikkita filiali kiritilgan.
Shuningdek, “Chilonzor”, “Bekto‘pi”, “Beshqo‘rg‘on”, «Parkent universal» va “O‘rikzor” savdo majmualari, “Bekto‘pi” va “Chilonzor” savdo majmualarining avtomobil turargohlari, “Yangiobod” ixtisoslashtirilgan bozori filiali bilan birga, shuningdek, Sergeli avtomobil bozori ham savdoga chiqariladi.