"Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida"gi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

"Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida"gi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

"Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida"gi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko'rib chiqdi va qabul qildi.

Mazkur hujjat mamlakatda raqobatbardosh kapital bozorini rivojlantirish, investitsiya oqimini kengaytirish, O‘zbekistonni mintaqaviy moliyaviy xab sifatida shakllantirishga qaratilgan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida moliya markazining huquqiy maqomi, faoliyat tamoyillari, boshqaruv tizimi, vakolatlari va markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim aniq belgilangan. Jumladan, markaz hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, mazkur Konstitutsiyaviy qonunga va moliya markazining qarorlariga zid bo‘lmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari, qonunchiligi va sud pretsedentlari amal qilishiga oid qoidalar o‘z aksini topgan.

Majlisda dunyoning yetakchi moliya markazlari — Dubay xalqaro moliya markazi (DIFC), Ostona xalqaro moliya markazi (AIFC) va Singapur tajribasi atroflicha o‘rganilgani ta’kidlanib, qonun loyihasi bilan Toshkent xalqaro moliya markazining institutsional tuzilmasi belgilanayotgani qayd etildi.

Shuningdek, markaz ma’muriyati, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudining huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi litsenziyalash, nazorat qilish va ta’sir choralarini qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi. Toshkent xalqaro tijorat sudi esa markaz ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolarni mustaqil ravishda ko‘rib chiqadi.

Loyihada markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valyutalarda hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish, besh yilgacha amal qiladigan maxsus vizalar olish huquqi berilishi ham nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, markaz hududida soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilishi belgilangan.

Ushbu qonun loyihasi bilan Konstitutsiya va qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Konstitutsiyaning 15-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona huquqiy makon saqlangan holda, alohida hududlarda qonun asosida maxsus huquqiy rejim o‘rnatish imkoniyati belgilanmoqda. Bosh qomusimizning 131-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimcha bilan esa, maxsus huquqiy rejim amal qiladigan hududlarda ixtisoslashgan sudlar tashkil etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, 134-moddaga kiritilayotgan o‘zgartirish bilan ayrim maxsus holatlarda sud yurisdiksiyasi va sud ishlarini yuritish tartibi qonun bilan alohida belgilanishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.

Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida keng muhokamalardan o‘tkazilgani, xususan, davra suhbatlari, seminarlar tashkil etilgani, deputatlar, ekspertlar, konstitutsiyaviy huquq sohasi olimlari takliflari asosida bir qator tahririy va yuridik tuzatishlar kiritilgani, ayrim normalar takomillashtirilgani alohida qayd etildi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mamlakatimizda ochiq va zamonaviy iqtisodiy muhitni shakllantirish, investitsiyaviy faollikni oshirish hamda xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling