O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisidagi qonun tasdiqlandi

UzDaily tahririyati · 03.07.2026 · 10:00 · 29 views
Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisidagi qonun tasdiqlandi

Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisidagi qonun tasdiqlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Toshkent xalqaro Moliya markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha Kelishuv komissiyasining xulosasi ko‘rib chiqilmoqda.

Mazkur Konstitutsiyaviy Qonunda Toshkent xalqaro Moliya markazining huquqiy maqomi, faoliyat tamoyillari, boshqaruv tizimi, vakolatlari va markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim belgilangan.

Shuningdek Markaz hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, mazkur Konstitutsiyaviy Qonunga va Moliya markazining qarorlariga zid bo‘lmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari, qonunchiligi va sud pretsedentlari amal qilishiga oid qoidalar o‘z aksini topgan.

Bundan tashqari Markaz ma’muriyati, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudining huquqiy maqomi mustahkamlangan. Bundan tashqari, markaz hududida soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilishi belgilangan.

Ta’kidlanganidek, Oliy Majlis Senatining joriy yil 13-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Konstitutsiyaviy Qonunning ayrim normalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirilib, rad etilgan edi.

Xususan, Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalariga qo‘yilayotgan talablarni qayta ko‘rib chiqish, Toshkent xalqaro tijorat sudining har qanday xalqaro arbitrajga oid ishni, ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rish kabi ayrim vakolatlarini aniqlashtirish lozimligiga e’tibor qaratilib, Qonunni takomillashtirish yuzasidan qaror qabul qilingan edi.
Majlisda qayd etilganidek, qonun yuzasidan Senat tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar Kelishuv komissiyasi tomonidan har tomonlama ko‘rib chiqilib, Konstitutsiyaviy Qonun normalari yanada takomillashtirildi.

Xususan, Toshkent xalqaro tijorat sudining vakolatlari, sudyalarga qo‘yiladigan talablar, xalqaro arbitraj ishlarini ko‘rish tartibi hamda markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimga oid qoidalar aniqlashtirildi.

Deputatlar Konstitutsiyaviy Qonunning takomillashtirilgan tahriri mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy moliyaviy xizmatlar ekotizimini shakllantirishda muhim huquqiy asos bo‘lishini ta’kidladilar.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasining Kelishuv komissiyasi tomonidan takomillashtirilgan tahriri yuzasidan kelishuvga erishildi.