Toshkent va Turkiston viloyatlari oʻrtasida kelishuv imzolandi
Toshkent va Turkiston viloyatlari oʻrtasida kelishuv imzolandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston Respublikasining Aqtau shahrida Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hududlari rahbarlari kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish joizki, mazkur nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan so‘nggi yillarda olib borilayotgan yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik siyosati samaralarining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Anjumanda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Davlat rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik siyosat natijasida hududlararo hamkorlik tobora mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy, investisiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalarda keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shuningdek, tadbir doirasida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Turkiston viloyati hokimi Nuralxon Kusherov o‘rtasida hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Avvalroq Turkiston viloyati rahbariyati va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat yirik delegatsiya Toshkent viloyatida bo‘lib, ko‘p qirrali hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi.
Mazkur bitim ana shu hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘lib, ikki hamkor hudud o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.