O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Toshkent aeroportida “SunExpress” aviakompaniyasining Izmirdan ilk parvozi kutib olindi

UzDaily tahririyati · 04.08.2026 · 19:00 · 24 views
Toshkent aeroportida “SunExpress” aviakompaniyasining Izmirdan ilk parvozi kutib olindi
Toshkent aeroportida “SunExpress” aviakompaniyasining Izmirdan ilk parvozi kutib olindi / Foto: Uzbekistan Airports.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro aeroportida Turkiyaning “SunExpress” aviakompaniyasining Izmir – Toshkent – Izmir yo‘nalishi bo‘yicha ilk muntazam reysi tantanali ravishda kutib olindi. Aviatsiya an’analariga muvofiq, samolyot suv arkasi bilan qarshi olindi, terminalda esa ilk yo‘lovchilar uchun milliy shirinliklar va bayramona fotohudud tashkil etildi. Birinchi reys bilan Toshkentga 170 nafar yo‘lovchi yetib keldi, qaytish reysi bilan Izmirga esa 169 nafar yo‘lovchi jo‘nab ketdi.

Yangi yo‘nalishning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi havo qatnovini rivojlantirishda muhim voqea bo‘ldi. Tarixda ilk bor Toshkent va Izmir shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi. Reyslar haftasiga to‘rt marta — seshanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Boeing 737-800 samolyotlarida amalga oshiriladi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik, biznes va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Uzbekistan Airports” kompaniyasi uchun “SunExpress” aviakompaniyasining Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirishdagi muhim bosqich hisoblanadi. Turkiyaning yana bir aviakompaniyasining poytaxt aviatsiya bozoriga kirib kelishi — bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida “Turkish Airlines” hamda “AJet” ham muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda — ushbu yo‘nalishda raqobatni kuchaytirishga, yo‘lovchilar uchun parvozlar va tariflar tanlovini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

“SunExpress” — Turkiyaning yirik aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, 1989-yilda “Turkish Airlines” va “Lufthansa” kompaniyalarining qo‘shma korxonasi sifatida tashkil etilgan. Aviakompaniya Antaliya va Izmir shaharlarida joylashgan bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyoning 37 ta mamlakatidagi 250 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam parvozlarni amalga oshiradi.