TMK Uzbekistan Qo'shma Shtatlarda investitsiya uchrashuvlarini o'tkazdi
TMK Uzbekistan Qo'shma Shtatlarda investitsiya uchrashuvlarini o'tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13–14-aprel kunlari AQShning New York va Boston shaharlarida o‘tkazilayotgan "Uzbekistan Investor Day" doirasida O’zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) delegatsiyasi xalqaro investorlar va moliya institutlari bilan samarali muloqotlar olib bormoqda.
Tadbir davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategik maqsadlar hamda TMKning investitsion salohiyati keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.
Delegatsiya a'zolari O&M Capital kompaniyasi bilan TMKning xalqaro kapital bozorlariga chiqishi, xususan, yevrobond emissiyasi bo‘yicha moliyaviy imkoniyatlarni muhokama qildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Boston shahrida Citigroup kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha Korporativ banking direktori Jason Zullo bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda TMKning faoliyati hamda asosiy investitsiya loyihalari, jumladan volfram, molibden va grafit klasterlari taqdim etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar TMKni xalqaro kapital bozorlariga olib chiqish istiqbollari hamda loyihalar bo‘yicha yaqin hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.