O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Soliq qo‘mitasi: yangi qoidalar bank sirini bekor qilmaydi

UzDaily tahririyati · 24.06.2026 · 22:20 · 28 views
Soliq qo‘mitasi: yangi qoidalar bank sirini bekor qilmaydi

Soliq qo‘mitasi: yangi qoidalar bank sirini bekor qilmaydi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi banklar va soliq organlari o‘rtasida maʼlumot almashinuvini tartibga soluvchi qaror loyihasining jamoatchilik muhokamasi munosabati bilan rasmiy tushuntirish berdi.

Idora taʼkidlashicha, mazkur hujjat bank sirining konstitutsiyaviy kafolatlarini cheklamaydi, balki amaldagi qonunchilik doirasida uni qo‘llash tartibini belgilaydi.

Qo‘mita eslatishicha, «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasi bank mijozining soliqqa tortilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha tegishli maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etishga bevosita ruxsat beradi. Soliq kodeksining 134-moddasi esa banklar va soliq organlari o‘rtasida axborot almashinuvini nazarda tutadi hamda uning shakli va tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishini belgilaydi.

Qaror loyihasi 2025 yil 10 dekabrdagi PF–246-sonli Prezident farmoni hamda 2026 yil 19 maydagi PF–95-sonli Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Yo‘l xaritasining 17-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan. Mazkur hujjatlarda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish vazifasi belgilangan bo‘lib, jismoniy shaxslarning bank kartalari yoki elektron hamyonlariga bir kalendar oy davomida 500 bazaviy hisoblash miqdori va undan yuqori summada kelib tushgan mablag‘lar haqidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Yaqin qarindoshlardan kelgan o‘tkazmalar ushbu tartib doirasidan chiqarilgan.

Soliq qo‘mitasi alohida qayd etdiki, gap fuqarolarning hisobvaraqlariga erkin kirish huquqi haqida ketmayapti. Qarindoshlar, do‘stlar va tanishlar o‘rtasidagi oddiy pul o‘tkazmalari, qarz qaytarish yoki kundalik maishiy operatsiyalar mazkur tartib obyekti hisoblanmaydi. Tartib shaxsiy bank kartasidan amalda tadbirkorlik faoliyati uchun hisob-kitob vositasi sifatida foydalanilayotgan holatlarga nisbatan qo‘llanadi. Yaʼni karta orqali muntazam ravishda to‘lovlar qabul qilinib, katta mablag‘ aylanmasi shakllantirilsa-da, faoliyat rasman ro‘yxatdan o‘tkazilmagan va soliqlar to‘lanmagan holatlar nazarda tutilmoqda.

Idoraning taʼkidlashicha, bir tadbirkor faoliyatini ochiq yuritib, belgilangan tartibda soliq to‘layotgan bir paytda, boshqa shaxs xuddi shu kabi faoliyatni shaxsiy karta orqali amalga oshirib, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashi orqali raqobatda ustunlikka ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

UzDaily tahririyati · 👁 28 views · 24.06.2026 · 22:20