O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Senat Markaziy bankning 2025-yilgi faoliyati to'g'risidagi hisobotini tingladi

UzDaily · 14.06.2026 · 10:15 · 37 views
Senat Markaziy bankning 2025-yilgi faoliyati to'g'risidagi hisobotini tingladi

Senat Markaziy bankning 2025-yilgi faoliyati to'g'risidagi hisobotini tingladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 16-yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Markaziy bank 2025-yildagi faoliyatida asosiy eʼtiborni bank tizimining moliyaviy barqarorlik koʻrsatkichlarini maqbullashtirish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarning salbiy taʼsirlarini yumshatish va banklar bardoshligini oshirish, bank xizmatlari va hisob-kitob operatsiyalariga kibertahdidlar va firibgarliklarning oldini olish maqsadlariga qaratgan. Bundan tashqari, aholining jamgʻarish faolligini ragʻbatlantirish hamda oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning belgilangan target koʻrsatkichiga yetishini taʼminlash maqsadlari ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmini takomillashtirish, uning transmission kanalini yaxshilash, bank tizimi likvidligini samarali boshqarish va pul bozorida foiz stavkalarining bozor mexanizmlari asosida shakllanishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Buning natijasida yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasi 2024-yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizgacha, bazaviy inflyatsiya esa mos ravishda 7,3 foizdan 5,7 foizgacha pasaygan. Bu esa iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlar barqarorlashayotganini koʻrsatgan.

Yil yakuniga koʻra yalpi xalqaro zaxiralar hajmi 1,6 baravar koʻpayib, 66,3 mlrd dollarni tashkil etgan. Xalqaro zaxiralarni boshqarishda Markaziy bankning qimmatli qogʻozlar portfeli qiymati 1,5 mlrd dollarga yetgan. Yil davomida aholi va tadbirkorlik subyektlariga 330 trln soʻmlik kredit mablagʻlari ajratilgan.

Muammoli kreditlar ulushi kredit portfelida 3 foizgacha pasaygan. Muammoli kreditlarni zaxiralar bilan qoplanish darajasi 87 foizdan 94 foizgacha oshdi. Bu esa yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yoʻqotishlar uchun yetarli mablagʻ mavjudligini koʻrsatadi.

Eʼtiborli jihat, ushbu jarayonda banklarning moliyaviy barqarorlik koʻrsatkichlariga ham, portfel sifatiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, kapital yetarliligi koʻrsatkichi 18,3 foiz, likvidlilikni qoplash meʼyori 208 foiz, sof barqaror moliyalashtirish meʼyori 120 foiz darajasida shakllangan.

Toʻlov tizimlarining barqarorligi va infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi naqd pulsiz toʻlovlarni kengaytirishga va toʻlov tizimlariga tahdid solayotgan kiberhujumlar va firibgarlik holatlarining oldini olishga koʻmaklashadi.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan toʻlov xizmatlari borasida tijorat banklari, toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimi operatorlari faoliyatini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda bank va toʻlov tizimlarida kiberxavfsizlikni taʼminlash, moliyaviy xizmatlar sohasida firibgarlikka qarshi kurashish boʻyicha takliflar bildirildi. 

Muhokamadan soʻng Senatning ushbu takliflarni inobatga olgan tegishli qarori qabul qilindi.

UzDaily · 👁 37 views · 14.06.2026 · 10:15