O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Saida Mirziyoyeva OXMM tajribasi bilan tanishdi

UzDaily · 22.06.2026 · 14:55 · 27 views
Saida Mirziyoyeva OXMM tajribasi bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva OXMM tajribasi bilan tanishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi delegatsiya Ostona shahridagi Ostona xalqaro moliya markaziga (OXMM) tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqaro moliya markazini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha OXMM tajribasini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Tashrif davomida OXMMning institutsional tuzilmasi, huquqiy asoslari va tartibga solish modeli, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

OXMM boshqaruvchisi Renat Bekturov markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdi. Ular qatorida investitsiyalarni jalb qilish va kapital bozorini rivojlantirish vositalari, xalqaro loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqa uchun innovatsion moliyaviy yechimlar mavjud.

Saida Mirziyoyeva tajriba almashish nafaqat O‘zbekiston va Qozog‘istonning, balki butun Markaziy Osiyoning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Qayd etilishicha, OXMM ishga tushirilganidan buyon Qozog‘iston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 25,3 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.

Markaz hududida 90 mamlakatdan 5800 dan ortiq kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan. 2026 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, OXMM ishtirokchilari mamlakat byudjetiga 317,4 milliard tenge miqdorida soliq to‘lagan.

Tashrif doirasida delegatsiya OXMM Sudi va Xalqaro arbitraj markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

OXMM Moliyaviy xizmatlarni tartibga solish qo‘mitasi (AFSA) vakillari markazning litsenziyalash, nazorat tizimi, yurisdiksiyaning soliq imtiyozlari, transchegaraviy operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatlari va innovatsion moliyaviy instrumentlarni rivojlantirishga oid tartibga solish ekotizimi haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, delegatsiya OXMMning art makoni hisoblangan Ishonch muzeyi hamda xorijiy ishtirokchilarga «yagona darcha» tamoyili asosida maʼmuriy xizmatlar ko‘rsatuvchi Ekspat markaziga tashrif buyurdi.

Bundan avval, 2026 yil fevral oyida ham O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi delegatsiyasi Toshkent xalqaro moliya markazini shakllantirish jarayoni doirasida xalqaro moliya markazini tashkil etish va rivojlantirishning amaliy tajribasini o‘rganish maqsadida OXMMga tashrif buyurgan edi.

OXMM va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik islom moliyasi, yashil va barqaror moliyalashtirish, kapital bozorlari sohalarida ham faol rivojlanmoqda. Shuningdek, muhim sohaviy tadbirlarda ishtirok etish uchun muntazam tashriflar amalga oshirilmoqda.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri tahliliy tadqiqotlarni tayyorlash hisoblanadi. Ular qatorida «Markaziy Osiyoni yagona investitsiya yo‘nalishi sifatida ilgari surish strategiyasi» hamda «Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjonda kapital bozorlari: istiqbollar va tendensiyalar» hisobotlari mavjud.

Hozirgi kunda OXMM yurisdiksiyasida O‘zbekistonning 23 ta kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular moliyaviy xizmatlar va sug‘urta, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, professional, ilmiy va texnik faoliyat, tog‘-kon sanoati hamda ulgurji va chakana savdo sohalarida ish yuritmoqda.

O‘zbekiston Qozog‘istonning muhim investitsiyaviy sheriklaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2005 yildan 2025 yil sentyabrigacha bo‘lgan davrda Qozog‘iston iqtisodiyotiga O‘zbekistondan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yalpi hajmi 75,6 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida sanoat, qurilish, neft-gaz kimyosi, moliya, logistika va turizm sohalarida umumiy qiymati 1,2 milliard dollar bo‘lgan yettita qo‘shma loyiha ishga tushirilgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 4,8 milliard dollarga yetgan bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan 16,2 foizga ko‘pdir.

Qozog‘iston eksportining asosiy qismini bug‘doy, metall mahsulotlari, un va neft mahsulotlari tashkil etadi. O‘zbekistondan esa avtomobillar, meva-sabzavot mahsulotlari va o‘g‘itlar yetkazib beriladi.

Tashrif Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashda tajriba va ilg‘or amaliyot almashish muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqladi.

UzDaily · 👁 27 views · 22.06.2026 · 14:55