RBI O'zbekiston depozitariy infratuzilmasiga ulandi
RBI O'zbekiston depozitariy infratuzilmasiga ulandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 22-aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida Qimmatli qog‘ozlar Markaziy depozitariysi va Raiffeisen Bank International (RBI) o‘rtasida hisobvaraq ochish hamda korrespondentlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Ushbu hamkorlik O‘zbekiston kapital bozori infratuzilmasini xalqaro moliya tizimi bilan integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamdir. RBI bilan o‘rnatilgan munosabatlar xorijiy investorlar uchun O‘zbekistonning davlat va korporativ qimmatli qog‘ozlar bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkonini yaratadi.
Bu, o’z navbatida, milliy kapital bozori likvidliligini oshirish bilan bir qatorda, investorlar bazasini kengaytirish hamda qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha hisob-kitoblar, saqlash va xizmat ko‘rsatish jarayonlariga eng ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etishga xizmat qiladi.
Hamkorlik doirasida milliy valyutadagi obligatsiyalar bozorini rivojlantirish, depozitar xizmatlar sifatini yaxshilash va global sarmoyadorlarning mahalliy aktivlarga bo‘lgan ishonchini oshirish masalalari ustuvor yo'nalish etib belgilandi. Markaziy depozitariyning operatsion ishonchliligi va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan infratuzilmasi mahalliy emitentlar hamda global investorlar o‘rtasida samarali “moliyaviy ko‘prik” vazifasini o‘taydi.
Mazkur kelishuv kelgusida boshqa yirik global depozitariylar va xalqaro kastodian banklarning mamlakatimiz bozoriga kirib kelishi uchun ijobiy signal bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, ushbu hamkorlik transchegaraviy qimmatli qog‘ozlar amaliyotlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, O‘zbekistonning jahon moliya xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.