Raiffeisen Bank Oʻzbekiston bozori bilan integratsiyani muhokama qildi
Raiffeisen Bank Oʻzbekiston bozori bilan integratsiyani muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) Raiffeisen Bank International AG (RBI) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2025 yil oxirida bank O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori sohasidagi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
RBI — Raiffeisen Banking Group ning markaziy muassasasi bo‘lib, Markaziy va Sharqiy Yevropa bozorlarida katta tajribaga ega. Jumladan, markaziy depozitariylarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish hamda xalqaro mijozlarga kastodial xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlariga ega.
Uchrashuv davomida RBI vakillari O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori infratuzilmasiga ulanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Ushbu ishlar mijozlarga mahalliy infratuzilma orqali qimmatli qog‘ozlarni saqlash va ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.
Agentlik vakillari tomonidan kapital bozorining normativ-huquqiy bazasi talablari, shu jumladan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi faoliyatining o‘ziga xos jihatlari tushuntirib berildi. Shuningdek, sinov maydonchasi doirasida aprobatsiyadan o‘tkazilayotgan mexanizm va instrumentlar investorlar uchun barqaror va prognoz qilinadigan tartibga solish muhitini taʼminlash maqsadida bosqichma-bosqich milliy qonunchilikka joriy etilishi taʼkidlandi.
Tomonlar zamonaviy moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, kripto-aktivlar sohasi, tokenlashtirilgan qimmatli qog‘ozlar hamda hisob-kitoblarda steyblkonlardan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, hamkorlikni yana-da rivojlantirish, jumladan, tajriba almashish va xalqaro moliya institutlarini O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori infratuzilmasiga integratsiya qilish masalalari bo‘yicha ekspert hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.