Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qobul shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi hamkorligida tashkil etildi.
Forumda ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 400 dan ortiq tadbirkor va investor ishtirok etdi.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va Afg‘oniston Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy so‘zga chiqib, forum savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun muhim maydon ekanini taʼkidladilar.
Tadbir doirasida tashkil etilgan B2B uchrashuvlarida to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, logistika va boshqa sohalarda yangi hamkorlik loyihalari muhokama qilinib, qator kelishuvlarga erishildi.
Forum yakunida o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator kelishuv va shartnomalar imzolandi.
Qobulda O‘zbekiston–Afg‘oniston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Dilafro'z Niyazova
Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.