O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya moliyaviy hamkorlikni kengaytiradi

UzDaily · 19.06.2026 · 13:10 · 30 views
Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya moliyaviy hamkorlikni kengaytiradi

Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya moliyaviy hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Buyuk Britaniyaning Investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri Lord Jeyson Stokvud boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Smart, Eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF) ijrochi direktori Tim Rid, London fond birjasi ijrochi direktori Juliya Hogget, “Standart Chartered Bank” ijrochi direktori Saif Malik hamda bir qator mas’ullar ishtirok etdi.

Uchrashuvda kapital bozorlarini rivojlantirish va London fond birjasi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonning xalqaro kapital bozorlaridagi ishtiroki, suveren va korporativ qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish va IPO jarayonlarini davom ettirish bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, muloqot davomida shaharsozlik, hududiy rivojlanish va master-rejalarni ishlab chiqish sohasidagi hamkorlik ham muhokama qilindi. Buyuk Britaniya kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan loyihalar O‘zbekistonda zamonaviy shaharsozlik yondashuvlari, barqaror infratuzilma va aholiga qulay yashash muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Tomonlar UKEF bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratdilar. Agentlikning moliyalashtirish mexanizmlarini chuqurroq o‘rganish, qo‘shma loyihalarni tayyorlash jarayonini jadallashtirish hamda tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida amaliy muloqotni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Muloqot davomida “Standard Chartered Bank” bilan hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Xalqaro kapital bozorlariga chiqish, suveren obligatsiyalar joylashtirish, kapital bozori to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi investitsiyaviy, moliyaviy va infratuzilmaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, mavjud tashabbuslarni jadallashtirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha amaliy muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

UzDaily · 👁 30 views · 19.06.2026 · 13:10