O‘zbekistonlik polvonlar U20 jahon chempionatida uchinchi bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Slovakiyada o‘tayotgan 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekistonning yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoasi umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekistonlik polvonlar musobaqaning navbatdagi kuni yakuniga ko‘ra, ikkita kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Kumush medallarni 60 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Dostonbek Oripov va 53 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Sohibjamol Esbusinova qo‘lga kiritdi.
50 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Nilufar Nurmuhammadova bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha musobaqalar yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 95 ochko jamg‘arib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rindan joy oldi. Rossiya va Eron terma jamoalari yuqoriroq o‘rinlarni egalladi.
O‘zbekistonlik sportchilar boshqa vazn toifalarida ham medallar uchun kurashni davom ettirmoqda. Kechki dasturda Muhayyo Narzilloyevaning 65 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida final bellashuvi bo‘lib o‘tadi. Uning raqibi Rossiya vakili Margarita Salazaryan bo‘ladi.
Feruza Qayratdinova 62 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida bronza medali uchun kurashadi. Uning raqibi turkiyalik Ozdenur Ozmez va xitoylik Ifan Chju o‘rtasidagi bahs g‘olibi bo‘ladi.
Bundan tashqari, kun davomida O‘zbekistonning yana uch nafar vakili erkin va ayollar kurashi bo‘yicha musobaqalarning dastlabki bosqichida ishtirok etadi.