O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi davom etmoqda
O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi davom etmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Islom taraqqiyot banki hamda OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta mahallada ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi.
Loyihaning dastlabki bosqichida, 2024-2025-yillarda 100 dan ortiq yangi ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshirildi. Hozirgi kunda esa hududlarda ijtimoiy obyektlar hamda muhandislik infratuzilmasini mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi tomonidan ustuvor deb topilgan 454 ta ijtimoiy va infratuzilma loyihasi tanlab olingan. Bugungi kunda Xorazm viloyatining Urganch, Xonqa, Yangibozor va Hazorasp tumanlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh, Amudaryo, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlarida qator obyektlarda qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va oilaviy shifokorlik punktlari qurilishi hamda rekonstruksiya qilinishi bilan bir qatorda, ichki yo‘llarni asfaltlashtirish, piyodalar yo‘laklarini barpo etish, ko‘chalarni zamonaviy yoritish tizimlari bilan jihozlash, elektr transformatorlarini yangilash, ichimlik suvi tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va sug‘orish inshootlarini ta’mirlash ishlari ham belgilangan.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining loyihaga kiritilgan 6 ta tumanidagi 12 ta asosiy va 34 ta yondosh mahallalarda 38 ta umumta’lim maktabi, 29 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 5 ta oilaviy shifokorlik punkti, 45 ta asosiy va ichki yoʻllar, 19 ta ichimlik suvi tarmog‘i, 35 ta elektr ta’minoti obyekti, 8 ta sug‘orish va irrigatsiya inshooti, 35 ta piyodalar yo‘lagi hamda ko‘cha yoritish tizimi, shuningdek, 12 ta mahalla maishiy xizmat ko‘rsatish markazini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan mazkur tadbirlar qishloq joylarda zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, aholining hayot sifatini yaxshilash hamda hududlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.