Yangi Namanganda to‘rtta investitsiya loyihasi boshlandi
Yangi Namanganda to‘rtta investitsiya loyihasi boshlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yangi Namanganda yo‘ldosh shaharni rivojlantirishning ikkinchi bosqichi doirasida to‘rtta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi. Ilk tosh qo‘yish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzaqov ishtirok etdi.
LANG APEX kompaniyasi nodavlat taʼlim muassasalari majmuasi qurilishini boshladi. Majmua tarkibiga 840 o‘rinli umumtaʼlim maktabi va 120 o‘rinli maktabgacha taʼlim muassasasi kiradi. Qurilish ishlarini 2027 yilning uchinchi choragida yakunlash rejalashtirilgan.
DOWNTOWN BUILDING kompaniyasi 2,2 gektar maydonda to‘qqizta 12 qavatli turar joy binosi qurilishini boshladi.
Loyiha doirasida jami 1 019 ta xonadon barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Yana bir turar joy majmuasi — ZIYO AVENUE sakkizta 12 qavatli uydan iborat bo‘lib, birinchi qavatlarda tijorat binolari joylashtiriladi. Majmua tarkibida 704 ta xonadon va 112 ta noturar joy mavjud bo‘ladi.
Shuningdek, 1,3 gektar hududda joylashadigan «Biznes va ilm» universitetining yetti qavatli binosi qurilishi ham boshlandi.
Qurilish maydonlariga tashrif davomida Shavkat Abdurazzaqov loyihalarning amalga oshirilishi bilan tanishdi hamda ilk tosh qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Nuroniylar yangi tashabbuslarning muvaffaqiyatli amalga oshishini tilab, qurilish ishlarining boshlanishiga oq fotiha berdilar.