"Uzbekistan Airports" AJ aeroportlar tarmog‘i bo‘ylab Airport Carbon Accreditation akkreditatsiyasiga erishdi
"Uzbekistan Airports" AJ aeroportlar tarmog‘i bo‘ylab Airport Carbon Accreditation akkreditatsiyasiga erishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — "Uzbekistan Airports" AJ aeroportlar uchun maxsus ishlab chiqilgan, uglerodni boshqarish bo‘yicha dunyodagi yagona va tan olingan global sertifikatlash dasturi — Airport Carbon Accreditation akkreditatsiyasi dasturiga muvaffaqiyatli qo’shildi.
Samarqand, Urganch, Namangan, Farg‘ona, Nukus, Termiz, Qarshi va Navoiy xalqaro aeroportlari Level 1 darajasida akkreditatsiyadan o‘tdi, bu esa ularning operatsion uglerod emissiyalarini o‘lchagan va mustaqil ravishda tasdiqlatganini anglatadi. Toshkent xalqaro aeroporti esa Level 2 darajasiga erishib, uglerod izini faol kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali Markaziy Osiyoda ushbu akkreditatsiya darajasiga erishgan birinchi va hozircha yagona aeroportga aylandi.
Airport Carbon Accreditation aeroportlarga uglerodni boshqarish samaradorligini izchil ravishda oshirib borish imkonini beruvchi bosqichma-bosqich tizim sifatida ishlab chiqilgan. Bir qator yirik xalqaro aeroportlar, jumladan London Heathrow, Amsterdam Schiphol, Changi Singapore, Seoul Incheon va Tokyo Narita bir necha yil davomida akkreditatsiyaning yanada yuqori darajalariga bosqichma-bosqich erishib kelgan. Airport Carbon Accreditation dasturiga qo‘shilish orqali “Uzbekistan Airports” AJ barqaror rivojlanishning xalqaro miqyosda tan olingan yo‘liga qadam qo‘ydi hamda uzoq muddatli dekarbonizatsiya maqsadlari doirasida akkreditatsiyaning yuqori bosqichlariga erishish yo‘lida izchil harakatni davom ettiradi.
“Airport Carbon Accreditation akkreditatsiyasiga erishish "Uzbekistan Airports" tarmog‘ining barqaror transformatsiyasi yo‘lidagi muhim bosqich hisoblanadi. Ushbu e’tirof biz uchun muhim bo‘lsa-da, biz uni barqaror rivojlanishni yanada mustahkamlash va ekologik ko‘rsatkichlarni yaxshilash sari uzoq muddatli yo‘lning boshlanishi sifatida baholaymiz. Biz aeroportlar emissiyalarini boshqarish amaliyotimizni xalqaro ilg‘or tajribaga muvofiq ravishda doimiy takomillashtirishga intilamiz”, - dedi "Uzbekistan Airports" boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev.
Airport Carbon Accreditation – ACI EUROPEga tegishli va u tomonidan boshqariladi hamda aeroportlarda uglerod chiqindilarini boshqarish bo‘yicha global standart hisoblanadi. Mustaqil ravishda tasdiqlanadigan akkreditatsiya darajalari orqali ushbu dastur aeroportlarni uglerod emissiyalarini o‘lchash, boshqarish va bosqichma-bosqich kamaytirishda qo‘llab-quvvatlaydi hamda ularning uzoq muddatli dekarbonizatsiya maqsadlariga erishishiga ko‘maklashadi.