Oʻzbekiston Dushanbeda boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada yashil energiyani rivojlantirish boʻyicha oʻz tajribasini taqdim etdi
Oʻzbekiston Dushanbeda boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada yashil energiyani rivojlantirish boʻyicha oʻz tajribasini taqdim etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 2-3-iyul kunlari Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi Fanlar milliy akademiyasi Prezidiumi tashabbusi bilan “Qayta tiklanuvchi energetikaning zamonaviy holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Energetika vazirligi, vazirlik huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston energetiklar milliy assotsiatsiyasi hamda Toshkent davlat texnika universiteti vakillari o‘rin oldi.
O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda yashil iqtisodiyot uchun yashil ko‘nikmalar” (“Green Skills for a Green Economy in Central Asia”) mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi.
Plenar yig‘ilishda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, energetika tizimini raqamlashtirish, elektr tarmoqlarini boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish, shuningdek, quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energetika sohasini raqamli transformatsiya qilish hamda ilmiy kadrlar tayyorlashga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.